Men qanday hijob o‘radim? Bir muslimaning hikoyasi

Men qanday hijob o‘radim? Bir muslimaning hikoyasi

Buvim namoz o‘qiyotganlarida harakatlarini takrorlashni boshlaganimda, men 5 yoshda edim. O‘sha paytlari qanday qilib jimgina ruku qilganimni va turishga uringanimni eslayman. Atrofdagi ajib sukunat va qalbdagi hayajon ham esimda. Amallarim ma’nosini tushunmasam-da, ularning ahamiyatini his qilardim. Islomning ilk uchqunlari edi bu...

Yillar o‘tdi. Ko‘chilik aytganidek, men etnik musulmon edim. Oilamizda islomiy bayramlar nishonlanar, uyga mullalar taklif qilinar, ehson berib turilardi. Ammo uydagilar Qur’on ham, besh vaqt namoz ham o‘qishmas, shariat bo‘yicha kiyinishmas edi. Faqatgina buvim bundan ististo.

Braziliyaning mashhur “Jadi” serialini tomosha qilganimdan so‘ng Sharq madaniyatiga qiziqishim yanada kuchaydi. O‘shanda yurtimizdagi ayollarning yarmi sharqona raqs san’atini o‘rganishga ishqiboz edi. Garchi raqs islom sari ma’qul yo‘l bo‘lmasa-da, men asta-sekin shu tarzda musulmon bo‘lgan bir nechta qizlarni bilaman. Masalan, yaqin dugonam Natasha dastlab “bellydance”ga qiziqdi, so‘ng arab yozuvining go‘zalligiga shaydo bo‘ldi, madrasada ta’lim oldi, islomni qabul qildi va Islom universitetiga o‘qishga kirdi.

Men bir necha yildan keyingina unga qo‘shilib islomiy kiyina boshladim. Allohning irodasi bilan yo‘lim Qozonga tushdi. Bu shaharning o‘zgacha ma’naviy olamga egaligiga ishonchim komil. Bu yerda turli din vakillari tinch-totuv hayot kechirmoqda. Qozonning turmush tarzi menga ham to‘g‘ri keldi. Birmuncha vaqt shu yerda yashadim, aspiranturada o‘qidim, ommaviy axborot vositalarida ishladim. Ro‘mol o‘ragan mahalliy qizlarga havas qilib, ularga o‘xshashni xohladim. Bir kuni boshimni yopib ishga kelganimda, radiodagi hamkasblarim hayratda qolgan edi. Bir hodisa hanuz xotiramda aniq gavdalanadi: “Qul Sharif” masjidi oldidagi maydon quyosh nurlariga ko‘milgan, men u tarafga go‘yoki suzayotganday yurib borardim. Moviyrang, hilpirayotgan uzun yubka, rang-barang hijob.

To‘satdan o‘tkinchilardan biri menga qarab so‘radi: “Hoy qiz, siz aktrisamisiz?”

Bu savolning mag‘zini keyin tushundim: men musulmonning rolini o‘ynayotgandek edim. Tashqi o‘zgarishlarim hali ichki dunyomni o‘zgartirmagandi. Oilamning noroziligiga duch keldim va o‘sha paytda qat’iyatsiz bo‘lganim uchun ro‘molimni yechdim.

Biroq yuragim xotirjam emasdi. Ramazon oylaridan birida otam vafot etganida, yuragim toshday qotgandi. O‘sha vaqtlari go‘yo harakatlarimni tashqi tomondan kuzatayotgandek bo‘ldim. Birinchi yengillik “Qul Sharif”da boshlandi. Mullaning va’zi meni tinchlantirar, birinchi bor ko‘zlarimdan yosh otilib chiqardi. Shundan so‘ng otamning haqiga duolar qila boshladim. Kuniga bir mahal namoz o‘qishdan boshlab, ibodat hayot bo‘ronlaridan najot ekanini angladim. Muayyan hayotiy sinovlardan so‘ng men undan kuch olayotganimni, u mening tayanchim va o‘zagim ekanini anglab yetdim.

O‘tgan yili birinchi bor Ramazon ro‘zasini tutdim. O‘shandan boshlab butunlay shar’iy kiyinadigan bo‘ldim. Tort ustiga gilos qanchalar yarashsa, men uchun ham hijob muhim ashyoga aylandi. Bungacha ichki dunyomda jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Qalbimda shubha qolmadi. Yaqinlarimning noroziligi menga zarar yetkazmaydigan bo‘ldi. Bularning bari oddiydek ko‘rina boshladi.

Meni islomga olib borgan yo‘l naqadar notekis va uzoq bo‘lgan bo‘lmasin, har bir qiyinchilik uchun Allohga hamd aytaman.

Elnora Mir

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!