Markaziy bank dollar kursining ko‘tarilayotgani sababini tushuntirib berdi

Markaziy bank dollar kursining ko‘tarilayotgani sababini tushuntirib berdi

Oxirgi uch oyda tashqi iqtisodiy sharoitlarining o‘zgarishi ichki valyuta bozorida milliy valyuta almashuv kursining shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

O‘tgan yilning sentyabr oyidan boshlab valyuta almashuv kursi bozordagi xorijiy valyutaga bo‘lgan joriy talab va taklif holatidan kelib chiqib shakllanib kelmoqda.

Valyuta kursining o‘zgarishi oldingi yillarda kuzatilgan doimiy devalvasiya tendensiyasidan farqli ravishda, joriy yilda ichki va asosan tashqi omillar ta’sirida shakllanib, turli yo‘nalishdagi dinamikaga ega bo‘lmoqda.

2018 yilning yanvar-iyul oylarida valyuta kursi dinamikasi asosan mavsumiy omillar ta’sirida shakllandi. Bu haqda Markaziy bank axborot berdi.

Xususan, yanvar oyida eksport va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining nisbatan kam bo‘lganligi sharoitida milliy valyuta almashuv kursi 8139 so‘m/dollardan 8189 so‘m/dollargacha pasaydi.

Shu bilan birga, mart-iyul oylarida eksport va boshqa manbalardan valyuta tushumlarining oshishi natijasida so‘mning almashuv kursi teskari dinamikaga ega bo‘lib, birinchi avgust holatiga 7782 so‘m/dollargacha qadri oshdi.

Bundan tashqari, chet el valyutasidagi kreditlar hajmining tez sur’atlarda o‘sishi va depozitlar dollarizasiya darajasining pasayishi ichki valyuta bozoridagi xorijiy valyutaga bo‘lgan talabni qisman qondirilishiga xizmat qildi. Shuningdek, milliy valyutadagi muddatli va jamg‘arma depozitlar hajmining oshishi ham so‘m almashuv kursining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Joriy yilning avgust oyidan boshlab almashuv kursi dinamikasiga tashqi omillar, ayniqsa asosiy savdo hamkorlarimiz bo‘lgan davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi (Rossiya – 19 foiz, Qozog‘iston – 17 foiz, Xitoy – 9 foiz, Turkiya – 56 foiz) ta’siri kuchaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu davlatlar valyutalari kurslarining keskin o‘zgarishi so‘m almashuv kursiga bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatdan keyin o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Natijada so‘mning real almashuv kursi ushbu davlatlar valyutalariga nisbatan qadri sezilarli darajada oshdi (Rossiya rubliga nisbatan 29 foizga, Qozog‘iston tangasiga nisbatan 22 foizga, Turkiya lirasiga nisbatan 67 foizga, Xitoy yuaniga nisbatan 14 foizga).

Ushbu holat mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini pasaytirib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga ta’sir etmoqda.

Birinchidan, yuqorida qayd etilgan valyutalarning keskin devalvasiyasi tashqi bozorlarda mahalliy eksportchilar mahsulotlarini qimmatlashuviga olib kelib, ularning valyuta tushumlarini qisqartirdi.

Ikkinchidan, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar narxlarining chet elda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxlariga nisbatan raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, chetdan import qilishni rag‘batlantirgan holda, xorijiy valyutaga qo‘shimcha talabni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchidan, jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro pul o‘tkazmalarining asosiy qismi to‘g‘ri keladigan davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi, ushbu davlatlardan mamlakatimizga yuboriladigan pul o‘tkazmalari hajmining kamayishiga olib keldi.

Manba: uz24.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!