“Maktab direktori ro‘mol o‘ragan o‘quvchiga qamataman, deya qo‘rqityapti...” mavzusidagi videomurojaatga rasmiy munosabat bildirildi

“Maktab direktori ro‘mol o‘ragan o‘quvchiga qamataman, deya qo‘rqityapti...”  mavzusidagi videomurojaatga rasmiy munosabat bildirildi

2020 yil 23 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Maktab direktori ro‘mol o‘ragan o‘quvchiga qamataman, deya qo‘rqityapti...” mavzusidagi o‘quvchi-qizning videomurojaati bo‘yicha Izboskan tuman xalq ta’limi bo‘limi quyidagilarni ma’lum qiladi.

 Mazkur videomurojaatda qamatish bo‘yicha tahdid qilganligi keltirilgan Andijon viloyati, Izboskan tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori vazifasini bajaruvchisi D.Otajonov farzandini uylash maqsadida to‘y marosimi qilayotganligi uchun tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiridan ruxsat so‘raganligi, shu sababli 23 oktyabr kuni ish joyida bo‘lmaganligi ma’lum bo‘ldi. 
 Videomurojaat yo‘llagan Izboskan tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-b sinf o‘quvchisi Ibragimova Jumagul Tohirjon qizi 2020 yil 23 oktyabr kuni soat 8-40 da maktabga kelgan va biologiya, astronomiya darslarida ishtirok etgan. Soat 9-40 da boshlanishi kerak bo‘lgan (3 soat) kimyo faniga kirmasdan, hech kimni ogohlantirmasdan uyiga ketgan. 

Holat yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi va maktab ma’muriyati vakillari, mahalla faollari ishtirokida xonadonga tashrif buyurib, onasi bilan suhbat o‘tkazilganda, karantindan avval farzandi diniy libosda emas, o‘ta zamonaviy liboslarda yurganligi bo‘yicha maktab ma’muriyati e’tiroz qilganligini, yoz mavsumidan boshlab qizining kiyinish uslubi keskin o‘zgarganligini, ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan videomurojaatdan esa umuman xabar yo‘qligini ta’kidlab, farzandini ta’lim muassasasining talablariga muvofiq ta’lim olishi lozimligi bo‘yicha tushunchaga ega ekanligini bildirgan. 
 

Suhbat jarayonida o‘quvchi-qiz astronomiya fani o‘qituvchisi dars jarayonida unga maktab formasiga rioya qilishini, milliy mentalitetimizga mos uslubda kiyinish lozimligini aytganligini, lekin qizni libosi sababli uni qamatish yoki shunga o‘xshash choralar qo‘llash bo‘yicha hech qanday bosim bo‘lmaganligini, maktab direktorini bugun ko‘rmaganligi va u bilan gaplashmaganligini, murojaat qilayotgan vaqtida hissiyotga berilgan holda qamatish bo‘yicha gap-so‘zlarni qo‘shib yuborganligini bildirdi. 
Voyaga yetmaganlarning kiyinish uslubiga ota-onalari javobgar ekanliklarini bildirgan holda, O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda o‘quvchilarni majburiy ta’lim olishini ta’minlash umumiy o‘rta ta’lim maktablari ixtiyorida ekanligini ma’lum qilamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!