Mahmud Zamaxshariyning yo‘qolgan deb hisoblangan asari topildi

Mahmud Zamaxshariyning yo‘qolgan deb hisoblangan asari topildi

Alloma Abulqosim Mahmud Umar Zamaxshariyning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish mustaqillik yillarida jadal olib borilmoqda. Bugungi kunda Mahmud Zamaxshariy qalamiga mansub asarlar soni 70 ga yaqinlashganini aytish har bir oddiy insonda iftixor hissini uyg‘otadi. Buyuk alloma bobomiz o‘zining ulkan ma’naviy merosi bilan “Ustozu-l-arab va-l-ajam” – “Arablar va arab bo‘lmagan xalqlarning ustozi”, “Faxri Xorazm” – “Xorazm faxri”, “Ka’batu-l-udabo” – “Adiblarning Ka’basi”, “Toju-l-islom” – “Islomning toji”, “Jorulloh” – “Allohning qo‘shnisi” kabi ulug‘ sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan.

Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosiga mansub topilmagan asarlari mavjud. Olimning mana shunday asarlardan biri – Tehrondagi Malik milliy kutubxonasidagi 1622 raqam ostida saqlanadigan qo‘lyozma tarkibida aniqlangan. Qo‘lyozma 589/1193 yili kotib Muhammad ibn Abu Yusuf ibn Umar tomonidan ko‘chirilgan va uning 12b-17a sahifalariga “Risola fi-t-tasliya li-man kuffat ’aynuhu” – “Ko‘zi ojiz kishiga tasalli berish haqida risola”si bitilgan. Mazkur risola Mahmud Zamaxshariy olimlar tomonida yo‘qolgan deb hisoblangan asari bo‘lib, Yoqut Hamaviy uni “Tasliya az-zarir” nomi bilan zikr qilgan.

Muallif asarni ko‘zi ojiz insonga murojaat bilan boshlaydi. Unda Yaratgandan uning e’tiqod va dinini, iymon va ishonchini ziyoda porloq nur, yorqinlik bilan to‘ldirishini so‘raydi. Hattoki, uni nuri juda past bo‘lgan Suho yulduzidan ham maxfiy narsalarni aql nuri bilan ko‘radigan qilishini aytadi. U ko‘zlarining mantiqiy nurlari va qalb ko‘zining idroki bilan o‘tkir ko‘zlilar ham ko‘ra olmaydigan darajadagi narsalarni ilg‘ab olishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Nazarimizda, asar hajmi dastlab kattaroq bo‘lgan, keyinchalik u muallifning ta’kidlashicha, qisqartirilgan. Shu tariqa ko‘zi ojiz kishining ko‘ngliga tasalli berishga, pand-nasihat orqali g‘amini yengillatishga harakat qilgan.

Muallif ko‘zi ojiz kishiga taskin berish maqsadida tarixda bo‘lib o‘tgan voqealardan ibrat sifatida beradi. Jumladan, 33/653-94/713 yillarda yashagan Madinai munavvaraning 7 ta mashhur faqihlaridan biri bo‘lgan Urva ibn Zubayr voqeasini keltiradi. U o‘zining sabri, zohidligi va faqihligi bilan mashhur bo‘lgan. Tarixdagi turli fitnalarga aralashmagan. Uning onasi Abu Bakr roziyallohu anhuning qizlari Asmo roziyallohu anho bo‘lgan. Urva ibn Zubayrning bir oyog‘i qorason bo‘lib kesilganda, Iso ibn Talha ibn Ubaydulloh unga: “Allohga qasamki, biz sizni jangga tayyorlamagan edik. Alloh sizning ko‘p qismingizni asrabdi. Alloh qulog‘ingiz, ko‘zingiz, tilingiz, aqlingiz, ikki qo‘lingiz va bir oyog‘ingizni qoldiribdi”, degan ekan. Shunda Urva ibn Zubayr “Ey Iso! Hech kim menga senchalik hamdardlik bildirmagan. Men seni sabru qanoat bilan qiyinchiliklarga bardosh beruvchi sifatida bilaman. Sinon ibn Horisadan ham muloyimsan, burgut bolasidan ham o‘tkirsan”, deya minnatdorchilik bildiradi.

Mahmud Zamaxshariy ko‘zi ojiz kishini tavsiflab, ko‘zi musibatlangan insonning diqqati kuchli va mustahkam, xotirasi to‘liq, qalbi tez jamlanadigan, qulog‘i yaxshi eshitadigan, tug‘ma qobiliyati toza va yorqin, fikri teran, zakovati uyg‘oq, fikrlashi juda tez, miyasi mulohazali, aqli shishadan tozaroq, tili o‘tkir, suhbatlarda mohir bo‘ladi, deb ta’riflaydi. Bunday inson xuddi ko‘rgandek eslab qolishi, javob qaytarishda ziyrakligi, xotirjamligini ta’kidlaydi va Qur’oni karimning Hadid surasidagi: “Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir. Toki, sizlar qo‘llaringizdan ketgan narsaga qayg‘urmagaysiz va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ham ketmagaysiz” oyatlarini nasihat tarzida keltiradi.

Olim o‘zining yuksak mahorati bilan tasalli berishda buyuk shaxslarning fikrlari va nodir manbalardan iqtiboslar keltiradi. U fikrning ta’sirchanligini oshirish maqsadida Ibn Abbos roziyallohu anhuning quyidagi baytini keltiradi va nazmi mohirona go‘zal ushbu baytning mazmunini chaqish lozimligini ta’kidlaydi:

Agar Alloh ko‘zim nurini olsa,

Mayli, tilim va qalbimda nur bor.

Qalbim zakiy, aqlimga xalal yetmagan,

Og‘zimda chaqmoq kabi o‘tkir qilichim bor.

Zamaxshariy tarixiy voqealardagi aniq ma’lumotlarni lo‘nda beradi va o‘zi xulosalab o‘tadi. Xususan, ko‘zi ojiz bo‘lsa ham hozirjavobligi va zehnining o‘tkirligi bilan mashhur adib Abul Ayno Mutavakkilning “Abul Aynoning ko‘rligi u bilan oshna bo‘lishimga mone’lik qiladi”, deyayotganini eshitadi va “Agar mo‘minlar amiri menga qilichbozlik, oyni ko‘rish, naqshlardagi yozuvni o‘qishni istisno qilganida, uning oshna-og‘aynigarchiligi to‘g‘ri bo‘lardi”, degan gapini keltiradi. Mahmud Zamaxshariy uni xulosalab, adib do‘stlikka yaroqli bo‘lish sabablarining ko‘pligiga ishora qilmoqda. Chunki do‘stlik haqiqiy aql, yuksak fazilat, mustahkam xotira, o‘tkir til, nutqning to‘g‘riligiga bog‘liq va ularning ichida ko‘zga bog‘liq narsa yo‘q, degan fikrni beradi.

Inson ko‘zlari bilan dunyo va uning go‘zalliklariga nigoh tashlaydi va uning girdobiga kiradi. Ayni shu damda qalb o‘zini yo‘qotishi mumkin. Qalb o‘zini yo‘qotsa, unga balo va musibat o‘rnashadi, fitna tuxum qo‘yib, ko‘payadi, dard kuchayadi, xatoga yuzlanadi, qiynaladi. Allohning nazdida qanchadan-qancha zinokor ko‘zlar bor, deydi olim. Vaholanki, Payg‘ambar alayhis salom “Ikki ko‘z zino qiladi”, deb ta’kidlaganlar. Shuningdek, Alloh azza va jalla:

قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ

“(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar” (Nur surasi, 30-oyat), deya tasdiqlaydi.

“Ey ko‘zi ojiz odam, siz ro‘parangizdagi anavi vahshiylarning yurish-turishlarini, oldingizda tuya-larini cho‘ktirganda yoki chordana qurib yoki cho‘kkalab o‘tirgandagi odobsizliklarini, go‘yo mo‘ylovni qirish bid–’at va uni qoldirish sunnatdek, yuzingizga uzun mo‘ylovlari bilan masxaraomuz yuzlanishlarini, asl basharalarini ko‘rsatib, sarg‘ayib ketgan oziq tishlari bilan irjayishlarini, o‘sib ketgan tirnoqli kalta qo‘llarini bigiz qilib qarashlarini ko‘rmaysiz”, deya murojaat qiladi muallif. Bunday holatlarda ba’zi ko‘zi ochiqlar ko‘rlarning holatini orzu qiladi va o‘tkirligi bilan zarbulmasal bo‘lgan Yamoma Zarqoning ko‘zlarini orzu qilishdan voz kechadi, deydi. Risola davomida islom tarixidagi ko‘zi ojiz bo‘lgan 22 ta sahobiy va tobi’iynlarning nomlarini zikr qiladi. Manu shu ro‘yxatdan so‘ng Mahmud Zamaxshariy tarixiy bir ibratni keltiradi. Jumladan, Muoviya Ibn Abbosga “Abdulmuttalib avlodi, sizlar ko‘zlaringizdan ayrilasizlar”, degani, o‘z navbatida Ibn Abbos esa “Ey Bani Umayya, sizlar qalb ko‘zidan ayrilasizlar” deya bergan javobi keltirilgan va ular siz uchun yo‘lboshchi va ularda siz uchun o‘rnak bor, deb ta’kidlangan.

Asar xulosasida Zamaxshariy ko‘zi ojizlarga yuqoridagi insonlarni doimo eslashlarini, sabr qilishlarini, ko‘zlari ko‘rmasa ham boshqa a’zolari Allohga itoat qilib, qalblarini Uning ulug‘ligi va kibriyosiga mashg‘ul etishlarini so‘raydi. Doimo ular uchun atalgan narsalarni yod etish lozimligini aytadi va til bilan Uning ne’matlarining shukri, oyoqlar bilan U Zotning roziligi uchun ibodatda turish, har ikkisi bilan Uning roziligi ko‘zlanadigan joylarga borish, qo‘llarini duo va istig‘for qilgan holda ko‘tarish, nojo‘ya aytilgan so‘zlar uchun yig‘lagan holda qo‘llarini ochish zarurligini eslatadi. Agar shunday qilinsa, u inson mustahkam e’tiqod, yuksak fazilat, ilmda peshqadamlik, hilm libosini kiyish, sog‘lom aql, muloyim qalb, qo‘pollikdan toza, dushmanlikdan pok yurakli bo‘lishini ta’kidlaydi.

Zohidjon ISLOMOV,

 O‘zXIA Ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektori,

filologiya fanlari doktori, professor


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!