Lordga turmushga chiqqan Guli Muradova Angliyada O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilmoqda

Lordga turmushga chiqqan Guli Muradova Angliyada O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilmoqda

Angliyalik lordga turmushga chiqqan samarqandlik qiz Guli Muradova Buyuk Britaniyada o‘zbek madaniy merosini targ‘ib qilish maqsadida harakat boshladi. Bu haqda Guli Muradova Daryo muxbiri Sevara Nishonovaga ma’lum qildi.

Guli Shayx turmush o‘rtog‘i bilan Bukinhem qasri bog‘ida o‘tkazilgan tadbirda qatnashgan edi. O‘shanda uning egnidagi adras matosidan tikilgan ko‘ylak qirolicha qasriga kelgan mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar Gulidan ko‘ylagi haqida so‘ray boshladi. Shu tarzda Gulida o‘zbek milliy matolaridan tikilgan kiyimlar sotish orqali milliy madaniyatni targ‘ib qilish istagi tug‘ildi.

Guli Shayx o‘z Vatanini juda sevishini aytib, har bir vatanparvar inson Vatani madaniyatni xorijda keng targ‘ib qilishi kerak, deb hisoblaydi.

Shuning uchun ham Guli o‘zbekistonlik hunarmandlar va dizaynerlar bilan suhbatlashib, shu bilan birga Angliya bozorini o‘rganib, biznesni yo‘lga qo‘yishga qaror qildi.

Guli Shayx O‘zbekiston xalqi boy madaniy meros va madaniyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. U turli uchrashuvlarda Imom al-Buxoriy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Al-Xorazmiy kabi o‘zbekistonlik buyuk siymolar haqida so‘zlab beradi.

Guli Shayx O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Xiva, Andijon, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlariga kelib, ko‘p sonli hunarmandlar bilan suhbatlashib, qo‘l mehnati bilan ishlangan buyumlarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishdi.

Shu tariqa Guli o‘zbek milliy mahsulotlarini sotish uchun www.silkrouteglobal.co.uk saytini yaratdi. Ushbu saytda o‘zbek milliy kiyimlari, idishlar, uy uchun kerakli jihozlar, gilamlar, turli milliy aksessuarlar o‘rin olgan.

Ushbu tashabbus Birlashgan Qirollikda katta qiziqish bilan kutib olindi.

Bundan tashqari, Guli rassomchilik faoliyati bilan ham shug‘ullanadi. U chizgan rasmlari savdosidan tushgan pulni xayriya ishlariga, aniqrog‘i nogironligi bo‘lgan kishilarga yordam berish uchun sarflaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!