Kusherbayev “oyoq ostida qolayotgan pullar” haqida gapirdi

Kusherbayev “oyoq ostida qolayotgan pullar” haqida gapirdi

"To‘ylarda osmonga pul sochish odati avjiga chiqib bormoqda ekan. Internetda tarqalayotgan lavhalarda ortiqcha boylik va obro‘ni oshirish  sifatida ko‘rinayotgan bunday ishlarning mohiyatida aslida bilimsizlik va tarbiyadagi nuqsonlar yotibdi. Kimga qandayligini bilmadim-u biroq shu kungacha havoga sochilayotgan bu kabi pullarni shunchaki ko‘chadan supurib topgan biror odamni ko‘rmaganman. 
 
Kuni kecha Buxoro viloyatida xizmat safarida bo‘lib chet qishloqlardagi odamlarning turmushi, tuprog‘i bilan yaqindan tanishganimda buni yana bir bor tanadan o‘tkazish imkoni bo‘ldi. To‘g‘risi: yilda uch-to‘rt marotaba yerning sho‘rini yuvib, ekin ekib oilasini boqayotgan sodda va mehnatkash odamlarni ko‘rib, ularning har bir tiyin daromadi qanchalik mashaqqat evaziga bo‘layotganligini his qilish mumkin.
 
To‘y marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha ozgina bo‘lsa-da o‘zgarishlar bo‘lganligini ko‘rib turibmiz. Sababi bu borada qonuniy choralar belgilandi. 
Ammo shu vaqtgacha davlat ramzlari qatorida aytiladigan milliy valyutani nomoyishkorona oyoq osti qilish, sochish, yoqish va hokazolarga qarshi ko‘p gapirilsa-da, biror qat’iy chora belgilanmadi. Balki shu sababdan shu darajaga yetib kelgandirmiz. 
 
Odam bir narsa deyishgayam cho‘chib qoldi, shundog‘am og‘ir. Birovga zarari tegmasa ham ochiq havoda maska taqmagani, «ko‘chada peshonasiga maqsadini yozib» yurmagani, mashinasini ichiga qanaqadir plenka taqmagani uchun odamlarni javobgar qiladigan loyihalar ishlab chiqishga «usta» bo‘lib ketgan bir vaqtda «puldor»larning bunday erkaliklariga ko‘z yumib yuribmiz.
 
Mamlakat, xalq obro‘si, kelajagi bilan bog‘liq hech bo‘lmaganda davlat ramzlariga hurmat nuqtai nazaridan milliy valyutaga hurmatsizliq, oyoq osti qilganlik uchun javob berish kerakmasmi? 
 
Pul topib aql topmaganlar, deb shu joyiga aytsa kerak.
 
Bu gaplar hammaga ham tegishlimas"

Rasul Kusherbayev, deputat  


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!