Keksalarda immunitetni tiklashning samarali yo‘li topildi

Keksalarda immunitetni tiklashning samarali yo‘li topildi

Immun tizimi — organizmni turli mikrob va infeksiyalardan himoyalovchi qalqon. Qolaversa, u tana a’zolarimiz faoliyatini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi.

👴 Biroq yosh o‘tgan sayin odam immuniteti tobora zaiflashib boraveradi. Qarish jarayoni va immun tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgangan tadqiqotchilar xulosasi shunday. Ya’ni keksalarda timus bezi hajmi kichrayib, gormonlar ishlab chiqarilishi ozayishi va limfoid to‘qimalar atrofiyasi kuzatilishi — tasdiqlangan ilmiy fakt.

📉 Buning oqibati qon tarkibida T-limfositlar miqdori kamayishiga olib keladi. Shuningdek, limfositlar o‘z hujayralarimiz yordamida faollashish qobiliyatini bora-bora yo‘qotadi.

🧪 Ana shu omilga asoslangan Buyuk Britaniya olimlari muayyan hujayralarga ta’sir ko‘rsatuvchi muolaja usuli orqali keksa insonlar immunitetini tiklash yo‘lini topdi.

🔎 Tadqiqot davomida gematopoyetik ildiz hujayralarini yo‘q qilish va ularni yangilari bilan almashtirish yordamida immunitet tizimi muvozanatini tiklash mumkinligi o‘rganildi.

💉 Buning uchun dastlab sichqonlar ustida tajriba o‘tkazilib, 18-24 oylik ushbu jonivorlar organizmiga gematopoyetik ildiz hujayralarining bir qismini yo‘q qilishga qaratilgan antitanalar yuborildi. Natijada tanaga kiritilgan yangi V va T-limfositlari tufayli immun tizimi mustahkamlandi.

📌 Olimlarning ta’kidlashicha, ular bitta muolaja kursi bu qadar katta samara berganidan hayratda.

🩺 Muhimi, davolangan va davolanmagan hayvonlar o‘rtasidagi tafovut ikki oydan keyin ham saqlanib qoldi. Masalan, muolaja qilingan jonivorlar sakkiz hafta o‘tgach, ilgari duch kelmagan virusga qarshi emlanganida, ularning immun tizimi boshqa hayvonlarnikiga qaraganda kuchliroq javob reaksiyasini namoyon qilib, infeksiyaga ancha samarali qarshilik ko‘rsata oldi.

‼️ Shundan kelib chiqib, tadqiqotchilar mazkur yangi usul keksa insonlarning koronavirus singari xavfli infeksiyalar va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi himoya qobiliyatini oshirishiga ishonch bildirmoqda. Yakuniy xulosa esa insonlarda o‘tkaziladigan klinik sinovlar muvaffaqiyatiga bog‘liq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!