Iordaniya qiroli davlat to‘ntarishiga urinish bilan bog‘liq isyon bostirilganini ma’lum qildi

Iordaniya qiroli davlat to‘ntarishiga urinish bilan bog‘liq isyon bostirilganini ma’lum qildi

Iordaniya qiroli Abdulla II birinchi marta davlat to‘ntarishiga urinish yuz bergani haqidagi ma’lumotni izohladi, buning oqibatda uning o‘gay akasi shahzoda Hamza uy qamog‘iga yuborilgan edi. Qirolning so‘zlariga ko‘ra, «isyon bostirilgan», ammo tekshiruv davom etmoqda, deb yozadi «Kommersant’».

«Mening aka-uka, opa-singillarim, Iordaniyaning bitta oilasi farzandlari, men bugun sizga — mutlaq ishonch ob’ekti va qat’iylik manbasi bo‘lgan oila va urug‘ga yuzlanib, isyon bostirilganini ta’kidlamoqchiman», — dedi Abdulla II fuqarolarga murojaatida.

Qirolning so‘zlariga ko‘ra, u Hoshimiylar oilasi doirasida shahzoda Hamza muammosi bilan shug‘ullanishga qaror qilgan va muammoni hal qilishni amakisi shahzoda Hasan ibn Talalga ishonib topshirgan. Yakunda «shahzoda Hamza oila qarshida ota-bobolari yo‘lini davom ettirib, ularning o‘gitlariga sodiq qolishga, Iordaniya manfaatlarini, uning konstitusiyasi va qonunlarini boshqa har qanday g‘oyalardan ustun qo‘yishga va’da bergan». Ayni vaqtda Abdulla II ma’lum qilishicha, voqeaning boshqa ishtirokchilariga nisbatan surishtiruv hali yakunlanmagan.

Qirolning qayd etishicha, bu inqiroz  — Iordaniya uchun eng og‘iri emas, ammo shaxsan u uchun og‘riqli. «Men Hoshimiylar oilasining vasiyi va bu qimmatli xalqning yetakchisi sifatida shok, og‘riq va g‘azabni boshdan kechirdim», — dedi u.

Shuningdek, qirol Iordaniya iqtisodiy qiyinchiliklarga uchraganini va u xalq yuzlashayotgan muammolarni tushunishini ta’kidladi.

4 aprel kuni Iordaniya hukumati «mamlakat barqarorligiga tahdid» surishtiruvi doirasida qirollik sobiq valiahd shahzodasi va yana 20 ga yaqin odamni hibsga olgani xabar berilgan edi. Marhum qirol Husayn va uning to‘rtinchi rafiqasining to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Hamza ibn Husayn Ammondagi o‘z saroyida uy qamog‘iga joylashtirilgan. Qirolni taxtdan ag‘darish maqsadidagi ehtimoliy fitnani tekshirish jarayonida sobiq valiahd shahzodaning davlat to‘ntarishiga urinishda xorijiy davlatlar bilan til biriktirgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Qirol Husaynning bevasi, shahzoda Hamzaning onasi Nur al-Husayn o‘g‘liga qarshi ayblovlarni «yovuz tuhmat» deb da’vo qildi.

Davlat to‘ntarishiga urinish haqidagi xabarlar fonida AQSH, BAA va boshqa mamlakatlar Iordaniya qirolini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Keyinroq Iordaniya qiroli Abdulloh II ga qarshi fitnada ishtirok etganlikda gumonlanayotgan sobiq valiahd shahzoda Hamza ibn Husayn monarxga sodiq qolishini ma’lum qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!