IIV matbuot kotibi jurnalist va blogerlarga murojaat qildi

IIV matbuot kotibi jurnalist va blogerlarga murojaat qildi

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov jurnalist va blogerlarga murojaat qildi.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab tasvirlar va maqolalar joylashtirilmoqda. Ijobiy videolavhalar bilan birga, afsuski xodimlarimiz tomonidan yo‘l qo‘yilgan salbiy holatlar, xato va kamchiliklar tasvirlangan kontent ham mavjud. Mazkur ochiqlik o‘z o‘rnida xodimlarning jamoatchilik nazoratida ekanligini uqtirish bilan birga, xizmatimizdagi kamchiliklarini aniqlab, bartaraf etishga hamda tizimni nomunosib xodimlardan tozalashga yordam bermoqda.

Lekin shu bilan birga ayrim holatlarda xodimlarning harakatlari ortidan piar qilish, haqiqatdan yiroq bo‘lgan bayonotlar orqali ularni obro‘sizlantirishga urinish, ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan shaxsiy adovatni ijtimoiy tarmoqlar maydoniga chiqarish kabi nosog‘lom tendensiya ham kuzatilmoqda. Buning eng yomon tomoni, o‘z burchini sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidir.

Joriy yilning o‘zida, ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan 1470 dan oshiq ma’lumotlar tarqatilganligi aniqlangan. Ushbu xabarlarning deyarli 60 foizi chet elda ro‘yxatdan o‘tgan akkauntlar orqali chiqarilgani ma’lum bo‘lgan. Bu borada, yuzdan oshiq fuqarolarimiz bilan tushuntirish ishlari olib borilib, ma’lumot tarqatish madaniyatiga rioya qilish borasida suhbatlar o‘tkazilgan.    

Ma’lum qilamizki, hozirgi vaqtda Ichki ishlar vazirligi hech qachon bo‘lmaganidek ochiqlikni, shaffoflikni hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni namoyish etib kelmoqda. Ichki ishlar organlarining birorta sohasi yo‘qki jurnalistlar yoki ijtimoiy tarmoq yurituvchilarining hamkorligini rad etgan bo‘lsa. Soha axborot xizmatlari o‘z faoliyatini nafaqat vazirlikning markaziy apparati, balki joylardagi barcha organlarda olib bormoqdalar.

Ichki ishlar organlarida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish masalasi ham aniq tizimiylik asosida yo‘lga qo‘yilgan, ayniqsa xodimlarning xatti-harakatlari ustidan tushgan shikoyatlarning birontasi ham e’tiborsiz qoldirilmaydi. Albatta, kamchilik har bir sohada mavjud, ularni bartaraf etish esa tizim rahbariyatining birlamchi vazifasidir, shuning uchun Ichki ishlar vazirligi sog‘lom tanqid va konstruktiv muloqotga doim tayyor.

Ichki ishlar vazirligining axborot xizmati barcha jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq yurituvchilarini sog‘lom va konstruktiv hamkorlikka chaqiradi, sohadagi o‘zgarishlar, ijobiy ishlar bilan shaxsan tanishishlariga imkoniyat yaratib beradi. Javoban esa, ichki ishlar organlari bilan bog‘liq har qanday axborot yoki tanqidiy bayonot sub’ektivizmdan yiroq bo‘lishini hamda xolislikni aks ettirishini so‘raydi.

Fursatdan foydalanib, vazirlikning axborot xizmati bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan barcha jurnalistlarga, blogerlarga va alohida fuqarolarga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!