HAMAS va FATH Xitoyda kelishuv imzoladi

HAMAS va FATH Xitoyda kelishuv imzoladi

Falastinning HAMAS harakati va Fath partiyasi vakillari Pekinda o‘n yilliklar davom etgan kelishmovchilikni tugatish va Falastin birligini mustahkamlash bo‘yicha kelishuvni imzoladi, deya xabar bermoqda AP Xitoy davlat matbuotiga tayanib.

Xitoyning CGTN telekanali ijtimoiy tarmoqda 21 iyul kuni Pekinda Falastin guruhlari o‘rtasidagi muzokaralar boshlangani, 22 iyul kuni esa HAMAS va Fath, shuningdek, yana 12 ta Falastin harakati vakillari Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashgani haqida xabar berdi.

Van Yi hujjat imzolanganini olqishladi va shu orqali tomonlar G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar tugaganidan keyin “muvaqqat milliy yarashuv hukumati”ni tuzishga kelishib olishganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda G‘arb OAVlari.

Al-Jazira telekanalining ma’lum qilishicha, kelishuv G‘azo sektoridagi jangovar harakatlar tugaganidan keyin Falastin hokimiyatini saqlab qolishga qaratilgan.

2007 yilning yozida bir yil avval saylovlarda g‘alaba qozongan HAMAS Fathni G‘azo sektoridan chiqarib yubordi va shundan beri anklavni bir o‘zi boshqarib kelmoqda. HAMAS va Falastin milliy ma’muriyati o‘shandan buyon birlashish bo‘yicha bir necha bor muzokaralar olib borgan, ammo hech biri natija bermagan edi.

HAMAS harakati Xitoy poytaxtida uch kun davom etgan muzokaralardan so‘ng Falastin fraksiyalari o‘rtasida deklarasiya imzolanganini tarixiy voqea deb atadi.

Hujjatni imzolash marosimida HAMAS delegasiyasi a’zosi Musa Abu Marzuk erishilgan kelishuv Falastin ichida to‘liq yarashish yo‘lidagi muhim qadam ekanini aytdi.

“Biz Falastin masalasida misli ko‘rilmagan yordamni ko‘ryapmiz. Bugun biz Falastin fraksiyalari bilan milliy yarashuv mulohazalari asosida kelishuv hujjatini imzolayapmiz. Do‘stlar, bu tarixiy lahza”, — deya ta’kidladi Marzuk.

Keyingi qadam deklarasiya qoidalarini amalga oshirish bo‘lib, u yarashuv jarayonini yakunlaydi va poytaxti Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini yaratadi, deya qo‘shimcha qildi HAMAS vakili.

HAMAS barcha Falastin fraksiyalari vakillik qiladigan umumiy hukumat yaratish tarafdori.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!