Fotihmi, jahongirmi, qaroqchimi, o‘g‘rimi? Yoxud "madaniyatli"larning ikkinchi yuzi

Fotihmi, jahongirmi, qaroqchimi, o‘g‘rimi? Yoxud "madaniyatli"larning ikkinchi yuzi

Aleksandr Makedonskiy dunyoning katta qismini egallagan paytida dengiz qaroqchilaridan birini qo‘lga olishdi va uni Aleksandr Makedonskiyning huzuriga olib kelishdi. Makedonskiy undan so‘radi:

- Boshqalarning molini o‘g‘irlashga nima haqing bor?

Qaroqchi dedi:

- Men boshqalarning kichkina kemasini tunaganim uchun meni o‘g‘ri deyishadi. Sen esa katta-katta dengiz flotlarini o‘g‘irlaysan. Ular esa seni jahongir-fotih deyishadi. 

Kuchlilarni maqtash va ulug‘lash ming yillardan beri bu sayyoraning odatidir. Bu narsa toki dunyo yo‘qolgunicha shunday qoladimi deyman. Modomiki, biz kuchlilarni haq deb maqtashda davom etar ekanmiz, har qancha madaniyatni da’vo qilmaylik qul bo‘lib qolaveramiz. 

Madaniyat degani baland binolar qurish emas. Ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi emas. Zavodlarning adadi va ishlab chiqarishning ko‘pligi emas.  Madaniyatning o‘z ta’rifi, miqyosi, bahosi va asoslari bor. O‘zingga emas, boshqalarga nima yaxshiliklarni istashing sening madaniyatingni belgilab beradi.

Kunduzi boshqalarning bolalarini o‘ldirish uchun ularning ustidan samolyoti bilan bomba yog‘dirib, kechasi xotini va farzandlarini olib, eng faxrli oshxonalardan biriga borib sanchqi va pichoq bilan ovqatlanadigan kishi madaniyatli kishi emas.

Bu dunyo majozan emas, haqiqatdan ham o‘rmon. Faqatgina daraxtlar, hayvonlar va parrandalar bor joyni o‘rmon deyilmaydi. O‘rmonda kuchlilar kuchsizlarni yeydi. Dunyoda esa boshqacha. Hayvonlar yashash uchun bir-birlarini yeyishadi. Insonlar esa yashash uchun emas, to‘kin sochinroq yashash uchungina bir-birlarini o‘ldirishadi. 

Bu o‘rmonda askarlaring yer yuzining barcha tomonlariga tarqalishi, istagan davlatini va xalqini talashi, bir qalam surishing bilan saylangan prezidentni o‘ldirishing, bir qalam surishing bilan diktatorni joyida qotirib qo‘yishing, so‘ngra tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti olishing ham mumkin.

Shu dinamitni ixtiro qilgan Alfred Nobel tayinlagan mukofot dinamitni kim ko‘proq ishlatsa o‘shanga beriladimi deyman chamamda...

Agar kuchli qo‘shining bo‘lib o‘zing Oq uyda yashasang, istasang “dunyo go‘zali” laqabini ham olishing mumkin.

Bu o‘rmonda Isroilning tanki Falastinlik bolakayni majaqlab tashlab, so‘ngra u bolakayning otasini yosh bolasini tankning oldiga chiqargani uchun sudga berishi mumkin. U otaning: “Tanklaring bolamning ustida nima qilib yuribdi”, deb so‘rashga haqqi yo‘q.

Qutbda tyulen muz orasidan teshik ochsa butun olam darrov uning sabablarini o‘rganish uchun ilmiy kengash chaqiradi. Yuzlab bolalar bombalar ostida sochilib ketayapti. BMT boshlig‘i hafsalasizlik bilan shoshmasdan kattalarni chaqiradi. Ular sulh to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorlashadi.  Ya’ni, oddiy qog‘ozga yozilgan gaplar. U gaplarning qiymati ular yozilgan qog‘ozning narxidan ham arzon. Ammo Rossiya Veto qo‘yish huquqidan foydalanadi. U Amerikaga qarshi hujjat ko‘rsatadi. Ish G‘azzadagi qatliomga bog‘langanda Amerika ham unga qarshi hujjat ko‘rsatadi. Ikki yuzga yaqin davlat jamlanib bir qarorga kelaman deb turganda eng kuchli davlat Veto qo‘yadi. Vetoning ma’nosi “Hurmatli azizlar! Hammangiz ko‘tariling. Bu ish hech tugamaydi!”, deganidir! 

Abdulqodir Samarqandiy

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!