Firibgar o‘qituvchi va tovlamachi qiz bilan bog‘liq jinoyat tafsilotlari

Firibgar o‘qituvchi va tovlamachi qiz bilan bog‘liq jinoyat tafsilotlari

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani Obod turmush mahallasida yashovchi maktab o‘qituvchisi Nozima Gulboyeva(ism-shariflar o‘zgartirildi)ning nopok qilmishlarini Termiz shahrida yashovchi hamkasbi Go‘zal Ishonova ichki ishlar idorasiga murojaat etib, fosh qildi.

Ustoz nomiga dog‘ tushirib, mahalla-kuy oldida yuzi shuvut bo‘lgan 39 yoshdagi N.Gulboyeva o‘tgan yilning 31 avgustida o‘zini Termiz davlat universiteti qabul komissiyasida ishlovchi xodim sifatida tanishtirib, G.Ishonovaning ishonchiga kirgan. Uning 700 dollar pulini olib, institutga qo‘shimcha kontrakt to‘lovi asosida qabul qilinishini hal qilib berish va’dasini beradi.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida N.Gulboyeva bilan G.Ishonova o‘rtasida yozib olingan suhbatning bir dona CD diskka tushirilgan so‘zlashuvi daliliy ashyo sifatida olindi, deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. Uning Termiz davlat universiteti qabul komissiyasiga aloqasi yo‘qligi ham aniqlandi. O‘z hamkasblarini chuv tushirishni odat qilayotgan o‘qituvchi bundan tashqari o‘tgan yil sentyabr oyida Muzrabot tumani Sopollitepa mahallasida yashovchi, tumandagi maktablardan birida kotiba bo‘lib ishlayotgan Jamoloy To‘rayevani ham yuqoridagi holatdagidek chuv tushiradi.

***

Termiz tibbiyot kolleji o‘quvchisi T.Qulliyeva esa tovlamachilik jinoyatini sodir etganida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan ushlandi.

Gap shundaki, T.Qulliyeva hamda sherigi, 22 yoshdagi yollanma ishchi T.Soipov soat 17lar atrofida A.Avloniy nomli mahalla hududida Termiz davlat universiteti talabasi P.Jonboyev va Angor tumani Qo‘shtegirmon mahallasida yashovchi N.Jonboyevlar bilan o‘zaro tortishib qoladi. Shu payt T.Soipov Jonboyevlar o‘tirgan Spark rusumli avtomashinaga shikast yetkazadi. Shundan so‘ng, T.Soipovning aybini yashirish maqsadida T.Qulliyeva P.Jonboyev va N.Jonboyev uning nomusiga tegmoqchi bo‘lganligi haqida tuhmat qilib, ularni qamatish bilan qo‘rqitib, ichki ishlar idorasiga murojaat etadi. Keyinchalik mazkur arizasini qaytarib olish evaziga tovlamachilik yo‘li bilan Jonboyevlardan naqd ikki million so‘m pul talab qiladi. U Termiz shahridagi Ma’rifat mahallasi hududida kelishilgan pulni olgan vaqtida, ashyoviy dalil bilan ushlandi. O‘z-o‘zidan bu boradagi sir fosh etildi.

Ayni paytda mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!