Elim paketlarga taqiq faqat «SUPERMARKETLAR» uchunmi?

Elim paketlarga taqiq faqat «SUPERMARKETLAR» uchunmi?

Prezidentimizning o‘tgan yil 18 maydagi Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi qarori bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab, savdo shoxobchalari orqali polimer plyonkali paketlarni bepul berish taqiqlangan. Ularning narxini mamlakatimiz hududida sotiladigan tovarlar narxiga qo‘shish, shuningdek, o‘z tannarxidan past qiymatda sotish, qalinligi 40 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish ham ma’n etilgan. Xo‘sh, atrof-muhit sofligini asrash, qora paket lar tarqalishini nazoratga olishga yo‘naltirilgan mazkur qaror ijrosini ta’minlash borasida joylardagi vaziyat qanday?

Bozorlarda polimer paketlardan bemalol va ochiqchasiga foydalanilyapti, deydi poytaxtimizning Yashnobod tumani Katta Qo‘yliq mahallasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish bo‘yicha komissiyasi raisi Rixsitilla Sa’dullayev. Masalan, Qo‘yliq buyum bozorida yoymachilar ham, peshtaxtalarda savdo qiladigan sotuvchilar ham polimer paketlarni xaridorlarga bepul berishadi. Bozorlarda nimaiki xarid qilmang bu xoh non mahsulotlari, kiyim kechak, qurilish mollari, maishiy tovarlar bo‘lsin, sotuvchi universal qora paketga solib beradi. Paketlar savdosi ham bozorlarning o‘zida yo‘lga qo‘yilgan. Paketfurushlar mahsulotni qayerdan olishayotgani noma’lum. Chunki bunday tovarlarni ichki bozor uchun ishlab chiqarish taqiqlangan. Balki ba’zi korxonalar qoidani buzgan holda ishlab chiqarishni davom ettirayotgandir?..

Darhaqiqat, yuqoridagi qaror kuchga kirganidan so‘ng ham qora paketlar savdosi mamlakatimiz hududlarida jiddiy cheklanmadi. Bunga istalgan bozor hududida guvoh bo‘lish mumkin. Yangi qoidaga faqat yirik savdo markazlari supermarket lardagina amal qilinmoqda. Masalan, Yashnobod tumanidagi savdo-ko‘ngilochar markazlarida tovarlari sellofan paketlarga o‘rab berilganida xarid chekida paket narxi alohida ko‘rsatib o‘tiladi.

Taqiq kuchga kirgunga qadar savdo markazimiz logotipi tushirilgan sellofan paketlardan foydalanib kelganmiz. Paketlar xaridorlarga bepul berilgan, deydi ana shunday markazlardan birining xodimi Sevara Turg‘unova. Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab esa ularning narxi 100 so‘mdan belgilanib, xarid chekidagi tovarlar ro‘yxatiga alohida nom bilan qo‘shilmoqda. Ammo tez orada bundan ham voz kechamiz. Tabiatga zarar yetkazmaydigan, markazimiz logotipi tushirilgan qog‘oz paketlardan foydalanishni rejalashtiryapmiz. Shundan so‘ng xarid ro‘yxatiga paket narxi qo‘shilmaydi.

Bu kabi tashabbuslarni respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha yirik savdo markazlarida kuzatish mumkin. Savol tug‘iladi: bozorlar, kichik savdo shoxobchalarida qachon qoidaga amal qilinadi. Mazkur holatlar mamlakatimiz Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2003 yil 13 fevralda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari ga ham zid bo‘lib, sotuvchi, tadbirkor, mansabdor shaxslar tegishli ravishda javobgarlikka tortilishi lozimligini eslatib o‘tmoqchimiz. Bundan tashqari, Prezidentimizning yuqoridagi qarori ijrosini nazorat qilish qator mansabdor shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklatilgan. O‘ylaymizki, mas’ul shaxslar qaror ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratadi.

Shu o‘rinda mutaxassislar plastik paketlar qog‘oz paketlarga qaraganda qulayroq bo‘lsa-da, tabiatni ifloslantirishi, ularni ishlab chiqarish zaharli moddalar bilan bog‘liqligini ta’kidlashlarini aytib o‘tish lozim. Ularning chirib yo‘q bo‘lib ketishi uchun 400 yil vaqt kerak bo‘ladi. Yangi qoidalarga amal qilish esa farzandlarimizga zaminimizni toza, ozoda qoldirish imkonini yaratadi.

Manba: mahalladosh.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!