Doimiy ro‘yxatga faqat o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlarni olib kirish mumkinmi?

Doimiy ro‘yxatga faqat o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlarni olib kirish mumkinmi?

Ko‘p joylarda eshitib qolamiz, Toshkentdan uy sotib olgan fuqarolar keyinchalik faqat oilasi bo‘lmagan farzandlarinigina doimiy ro‘yxatga (keyingi o‘rinlarda tushunarli bo‘lishi uchun - "propiska") kirita oladi, agar oilasi bo‘lsa, kiritolmaydi, deyishadi. Bu gap mutlaqo noto‘g‘ri.

E’tibor berish kerakki, faqat o‘z oilasiga ega bo‘lmagan farzandinigina propiskaga olib kirish mumkinligi haqidagi qoida 5-bandga hamda 9 - 12-bandlarga taalluqli.

Ya’ni eri xotini orqali (yoki aksincha) doimiy propiskaga kirsa, unda o‘sha 5-band bilan propiska olgan er o‘zining barcha farzandlarini propiskaga olib kirolMAYdi, faqat o‘z oilasiga ega bo‘lmagan farzandlarinigina 2-band bilan propiskaga olib kirishi mumkin.

Xuddi shu qoida 9, 10, 11 va 12-bandlariga ham taalluqli. Ular ham faqat o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlarini olib kirishi mumkin.

Lekin ko‘pchilik buni barcha bandlarga taalluqli deb o‘ylaydi va adashadi.

Toshkentdan uy sotib olgan fuqaro (u xoh yangi, xoh ikkilamchi bozordan bo‘lsin, farqi yo‘q) 1-band bilan propiskaga kiradi.

Shundan so‘ng, ular o‘zining to‘g‘ri shajara bo‘yicha birinchi va ikkinchi darajadagi BARCHA qarindoshlarini 2-band bilan propiskaga olib kirishi mumkin.

Asos: Qonun bilan tasdiqlangan ro‘yxatning 2-bandi (u yerda barcha qarindoshlar nazarda tutilgan)

Ya’ni Toshkentdan uy sotib olganlar o‘zlarining barcha farzandlarini, ularning o‘z oilasi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, 2-band bilan propiskaga olib kirishi mumkin.

Masalan, 80 yoshga kirgan otaxonning nomiga Toshkentdan uy olishsa, o‘sha otaxon o‘zining barcha farzandlarini (ularning yoshi 60 da bo‘lsa ham farqi yo‘q) hamda barcha nabiralarini (ularning soni 30 nafardan ko‘p bo‘lsa ham farqi yo‘q) 2-band bilan propiskaga olib kirish huquqiga ega.

TAVSIYA: shu sababli ham agar zaruriyat bo‘lsa, va asosiysi ishonsangiz hamda kelgusida mulkiy nizo chiqmasligiga ko‘zingiz yetsa, Toshkentdan olinayotgan uyni imkon qadar ota-onangiz yoki bobo-buvingiz nomiga oling. Shunda ko‘pchilik propiskaga kira oladi. Masalan, uyni ota-onangizning nomiga olsangiz, o‘zingiz, farzandlaringiz, aka-uka va opa-singillaringiz, ularning farzandlari ham bemalol propiskaga kiradi. Agar uyni bobo-buvingiz nomiga olsangiz, unda o‘zingiz, aka-uka, opa-singillaringiz bilan bir qatorda ota(ona)ngiz, amaki-amma (tog‘a-xola) va ularning farzandlari ham 2-band bilan propiskaga kira oladi.

ESLATMA: amaliyotda ilgari IIV Migrasiya boshqarmasi boshlig‘ining qonunga xilof ko‘rsatmasi asosida pasport stollar buni rad qilib kelishgandi. Ammo sa’y-harakatlarimiz natijasida fuqarolar ayni shu masala bo‘yicha sudlashib, ichki ishlar organlari ustidan g‘olib chiqishgan va keyinchalik noqonuniy ko‘rsatma bekor qilingan.

Shunga ko‘ra, balki hozir ham zamondan orqada qolgan ayrim mas’ullar 1-band bilan propiskaga kirgan fuqaroga faqat oilasi yo‘q farzandingizni propiskaga olib kira olasiz, deb noto‘g‘ri aytayotgan bo‘lishi mumkin. Kim shunday desa, ishonib qolmang. Haqqingizni talab qiling. Qonunni yaxshi bilmaydiganlarga qonunni tushuntiring.

Xushnud Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!