“Chirchiq” poligonida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda muhim o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

“Chirchiq” poligonida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda muhim o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

“Chirchiq” poligoni hududida joylashgan Dala modellashtirish va simulyasiya markazida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda batalyon taktik guruhining jangovar qo‘llanishiga oid qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Ikki bosqichdan iborat bo‘lgan taktik o‘quvlarda Toshkent harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, uning tasarrufidagi harbiy qism va bo‘linmalar mas’ul ofiserlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan tegishli vazifalarni bajarish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borildi.

Mashg‘ulot rejasiga ko‘ra ishtirokchilar bilan birinchi bosqichda taktik tayyorgarlik, razvedka, harbiy topografiya, aloqa tayyorgarligi, elektron ishlashni o‘rganish va elektron hujjat aylanishi (geoinformasion tizim) hamda modellashtirish va simulyasiya vositalari yordamida raqamli xaritada taktik topshiriqlarni bajarish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar bajarildi.

“Chirchiq” poligonida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda muhim o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

— Taktik bo‘g‘indagi bo‘linmalarning qo‘mondonlik tarkibini tayyorlash Dala modellashtirish va simulyasiya markazining muhim vazifasi sanaladi, — deydi Qurolli Kuchlar modellashtirish va simulyasiya bo‘yicha axborot texnologiyalari maxsus markazi katta ilmiy xodimi podpolkovnik Jasur Baratov. — Markazda JCATS kompleks dasturi o‘rnatilgan bo‘lib, mazkur tizim jangovar mashg‘ulotlarni real vaziyatga yaqinlashtirib beradi. Ya’ni tizim zamonaviy harbiy mojarolar tahlili asosida qo‘shinlar harakatining yangi usullarini tadqiq qilishda, kuch va vositalarning hamkorlikda harakatlanishida, shuningdek, milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan xatarlarni bartaraf qilishda komandirlarining nostandart qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

O‘quvning ikkinchi bosqichida bo‘linmalarga jangovar operativ-taktik kompyuter trenajyori (JCATS) kompleks dasturidan foydalangan holda tegishli yo‘nalish bo‘yicha qo‘shinlar maxsus harakatlarini olib borish vazifasi qo‘yildi.

Unga ko‘ra batalyon taktik guruhi davlat chegaralarini qo‘riqlash va mudofaa qilishni kuchaytirish, noqonuniy qurolli tuzilma jangarilarining harakat yo‘nalishida o‘tish mumkin bo‘lgan joylarni to‘sish, razvedka-diversion guruhlar bilan ishlagan holda shaharlar va aholi punktlari xavfsizligini ta’minlash hamda boshqa favqulodda holatlarni bartaraf qilishda amaliy vazifalarni bajarishga kirishdi.

“Chirchiq” poligonida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda muhim o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

Fursatdan fodalanib real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan mashg‘ulotda o‘zining komandirlik qobiliyatini sinab ko‘rayotgan harbiy xizmatchilarning taassurotlari bilan qiziqdik.

— Ko‘rib turganingizdek ayni paytda guruhim bilan yuqori qo‘mondonlik tomonidan berilgan vazifani bajarishga kirishganmiz, — deydi mashg‘ulot ishtirokchisi katta leytenant Ilyos Abdurahmonov. — Xususan, mazkur dasturda qo‘riqlov otryadlaridan belgilangan zastavalarga chiqqan holda qo‘l ostimdagi “jangovar bo‘linma”ni buyurilgan topshiriq asosida to‘g‘ri harakatlantirish, kutilmagan vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, guruhimda mavjud guruh va o‘qotar qurollardan unumli foydalanib “shartli dushman”ning davlat chegarasini buzib o‘tishiga to‘sqinlik qilish, kerak bo‘lgan taqdirda uni yakson qilish amallarini bajaryapmiz. Albatta, bu bizning soha bo‘yicha salohiyatimizni yanada oshiribgina qolmay, favqulodda vaziyatlarda kuch tuzilmalarining birgalikda harakatlanish tajribalarini ham mustahkamlaydi.

Shubhasiz, o‘quv ishtirokchilari qatorida ijodiy jamoamiz bilan dala sharoitida taktik holatni har tomonlama baholash, ma’lum yo‘nalishlar bo‘yicha muhim va tezkor qaror qabul qilish jarayonlarida bo‘linma, o‘qotar qurol va maxsus vositalarning raqamli xaritada gavdalanayotgan jonli harakatlarini kuzata turib, haqiqiy jang maydonini his qilib ko‘rdik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Chirchiq” poligonida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda muhim o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

Nihoyat bir necha kun davom etgan qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari yakunlanib, erishilgan natijalar bo‘yicha sarhisob vaqti yetib keldi.

Umumiy xulosalarga ko‘ra, bo‘linma komandirlarining harakatlari yuqori baholanib, nisbatan yo‘l qo‘yilgan ayrim xato va kamchiliklar eslatildi. Yuqori rahbariyat tomonidan navbatdagi o‘quv jarayonlarida aynan qanday jihatlarga ahamiyat berish kerakligi borasida atroflicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi soha mutaxassislariga yuklatildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!