Buxoro, Namangan va Xorazmda quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi

Buxoro, Namangan va Xorazmda quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi davlat-xususiy sherikligi asosida quyosh fotoelektr stansiyasi (FES) qurilishi bo‘yicha «Scaling Solar 3» uchinchi loyihasi boshlanishi to‘g‘risida e’lon qildi.

«Scaling Solar 3» uchinchi loyihasi doirasida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan uchta FES qurilishi rejalashtirilib, ularning investorlari tender natijasiga ko‘ra aniqlanadi.

Uchinchi loyiha boshlanishi 2021 yil fevral oyiga rejalashtirilgan. FES qurilishi Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etish joizki, 2019 yil 18 oktyabr kuni «Scaling Solar 1» loyihasi doirasida Navoiy viloyatida quvvati  100 MVt bo‘lgan FES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda Masdar (BAA) kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Bu boradagi ijobiy natijani hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Xalqaro moliya korporasiyasi o‘rtasida konsultasiya xizmatlarini jalb qilish va Scaling Solar loyihasi bo‘yicha quyosh FESlarining quvvatini 1000 MVtgacha oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.  

Mazkur kelishuv natijasi o‘laroq 2020 yil boshida Samarqand va Jizzax viloyatlarida umumiy quvvati 400 MVt bo‘lgan  2 ta «Scaling Solar 2» FES qurilishi loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilingan edi. Ushbu loyihalar bo‘yicha hozirgi vaqtda tender savdolari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan keng miqyosli qayta tiklanuvchi energiya strategiyasi amalga oshirilib, uning doirasida yaqin 10 yil ichida 5 GVtgacha ekologik toza quyosh energiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Strategiya elektr energiyasiga tobora ortib borayotgan ehtiyojni qondirishga qaratilgan bo‘lib, 2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.  


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!