Bugundan test sinovlari yuzasidan apellyasiya berish boshlandi

Bugundan test sinovlari yuzasidan apellyasiya berish boshlandi

Garchi hali yakuniy mandat e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, lekin Nizom bo‘yicha bugundan apellyasiya jarayonlari boshlanadi. Aslida apellyasiya berish uchun abituriyent o‘zining balini bilsa kifoya, yakuniy natija shartmas. Ammo yakuniy natijalar chiqqanda edi, abituriyentlar kirgan-kirmaganligi, bali yetgan-etmaganligidan kelib chiqib, apellyasiya berish fikridan qaytardi. Hozirgi holat DTMning o‘zining zarariga ishlaydi. O‘shanchun Nizomda apellyasiyani aniq sanadan emas, yakuniy javoblar chiqqan kundan boshlanishini belgilash kerak, deb yozmoqda bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Apellyasiya tartibi quyidagicha:

? test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 21 avgustdan 30 avgustgacha (belgilangan ish vaqtiga muvofiq) apellyasiya komissiyasiga apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega;

? Nizomda apellyasiya shikoyatlari yozma yoki elektron shaklda berilishi aytilgan. Ammo elektron ariza berishning tatibi yo‘q, faqat yozma (qog‘ozda) qabul qilishadi. Shuni abituriyentlarning shaxsiy kabineti yoki DTM sayti orqali yo‘lga qo‘yish shunchalar qiyinmi?

? abituriyent xabarnomada belgilangan kunda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart;

? abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test topshiriqlari kitobi beriladi;

? abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va apellyasiya komissiyasiga taqdim etadi;

? apellyasiya shikoyati faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi. Ilgari ota-onasi yoki ustozlariga ruxsat berilardi, keyinchalik buni taqiqlab qo‘yishdi;

? abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, shikoyatni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi;

? abituriyent murojaat qilganda unga qarordan ko‘chirma beriladi;

? abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi DTMga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan bo‘lsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi.

Shu joyida katta e’tiroz bor. Akt qilinganlarni tushunsa bo‘ladi, ammo nima uchun savollar kitobi yo‘qolgan yoki yirtilgan bo‘lsa, buning jabrini abituriyent ko‘rishi kerak? Uning nima aybi bor? DTM va uning vakillari shunga javobgarmi, marhamat, ular javob bersin bunga. Ushbu qoidani qayta ko‘rib chiqish kerak;

? apellyasiyada quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
• uyali telefon, kompyuter, telekommunikasiya vositalari va shpargalkalar (lug‘at, jadvallar bundan mustasno) olib kirishga harakat qilish yoki olib kirish;
• apellyasiya jarayonida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatish, ularga yordam berish yoki yordam olish;
• test topshiriqlari kitobining varag‘ini yirtish.

Shu joyi ham tushunarsiz. Olib kirsa nima bo‘pti? U o‘zining haqligini isbotlash uchun kerakli manbalardan qidirsa, buning nimasi yomon? Abituriyent geniymasku, hammasini yoddan biladigan. Axir bu shunchaki apellyasiya jarayoni-ku, qayta test topshirish emas!

? abituriyent qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

P.S.: umuman olganda apellyasiya tartibi faqat DTMning foydasini ko‘zlab, abituriyentlarni qiynash uchun yozilganga o‘xshaydi. Xuddiki xatosi chiqib qolishdan qo‘rqib, atayin shunaqa qiyin jarayonni yaratishgan, deb o‘ylashga asos bor.

Apellyasiya jarayonlari ochiq va oshkora, abituriyentlar uchun barcha erkinliklar va sharoitlar yaratilgan holatda bo‘lishi kerak. Xuddi qamoqxonaga kirgizib, “qo‘lingdan kelsa, qochib chiqib ket” degan mazmunda emas. O‘zbeklarda “oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich” degan naql bor. Xuddi shunaqa DTM o‘ziga ishonsa, apellyasiya jarayonlarini to‘liq ochib tashlashi kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!