Bosh prokuror Piskentda o‘lganlar nomiga pensiya rasmiylashtirganlarni keskin tanqid qildi

Bosh prokuror Piskentda o‘lganlar nomiga pensiya rasmiylashtirganlarni keskin tanqid qildi

Bugun Bosh prokuraturada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo yig‘ilish bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. 

Unda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev korrupsiya holatlari bo‘yicha aniq faktlarni keltirib o‘tdi.

Yig‘ilishda byudjet mablag‘larining rasional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga mas’ul moliya organlarida yuklatilgan vazifalar talab darajasida bajarilmayotgani tanqid ostiga olindi.

Moliya organlarining byudjet sarfini to‘laqonli nazorat qilishiga tizimdagi korrupsiya holatlari ham to‘sqinlik qilmoqda.

O‘tgan ikki yilda moliya organlarining 41 nafar xodimi korrupsiya holatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Davlat moliyaviy nazorati departamentining Surxondaryo viloyati boshqarmasi bosh nazoratchi-taftishchisi N. Uzun qurilish kollejida aniqlangan 265 mln. so‘mlik kamomadni yashirish evaziga kollej bosh hisobchisi A.dan 2.000 dollar va 500 ming so‘m olganligi uchun sud hukmi bilan jazoga tortilgan.

Yoki, G‘aznachilikning Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish vaji bilan bankdan 1 mlrd. so‘m ortiqcha pul olishga erishib, uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Vazirlik tizimidagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 22 nafar xodimi pensiya uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilganligi va boshqa suiiste’molchiliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, jamg‘armaning Piskent tumani bo‘limi bosh inspektori M. «Xalq banki» kassiri H. bilan birga, 142 nafar vafot etgan fuqaro nomiga pensiya rasmiylashtirib, jami 86 mln. so‘mni o‘zlashtirib yuborgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!