“Bizni orzular ohangida aldayotganlar...” yoki zamonaviy sudxo‘rlik fenomeni

“Bizni orzular ohangida aldayotganlar...” yoki zamonaviy sudxo‘rlik fenomeni

Axborot tasmalaridan birida shu satrlarga ko‘zim tushdi: “O‘zbekistondagi xususiy bandlik agentliklarining 30 tasi tomonidan birorta ham fuqaro shu kunga qadar xorijiy davlatlarga ishga yuborilmagan”. Bu haqda 2019 yil 25 oktyabr kuni parlament Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekistonda migrasiya jarayonlari: muammo va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida aytildi.

Chet elda ishlash ayb emas...

Ma’lumki, migrasiya hozirgi global dunyoda bugun muqarrar jarayon­dir. Insonning yaxshi yashash uchun yaxshi sharoitda ishlash va yaxshi maosh olish huquqi butun dunyoda e’tirof etilgan xalqaro huquqdir. Bizning odamlarimiz kattaroq maoshli ish ilinjida Rossiya va Qozog‘istonga ketayotgan bir paytda Rossiya, Ukraina va Qozog‘iston fuqarolari Sharqiy Yevropaga — Polsha, Vengriya, Sharqiy Olmoniyaga ishlashga ketganlar, chunki Rossiyaning bizga katta tuyulgan maoshi rossiyalik­larning o‘zi uchun kamdir. Sharqiy Yevropaliklar — polyaklar, vengerlar, bolgarlar millionlab G‘arbiy Yevropaga — Fransiya, Ang­liya, Shvesiya va boshqa yurtlarga ketganlar va ularning bo‘shab qolgan o‘rinlariga biznikilar borib ishlashmoqda. Yuz minglab o‘zbeklar ishlayotgan Turkiyadan millionlab turklar Olmoniyaga borib ishlaydilar. Katta maosh ilinji millionlarni AQShga yetaklagan.

Dunyo xaritasida ishchi kuchi yetkazish aholining asosiy daromad manbai bo‘lgan bizniki kabi davlatlar ham ko‘p.

Deylik, Filippin Respublikasi iqtisodi ishchi kuchi importiga moslashgan. Uning aholisi yiliga bir yarim milliondan ziyodga ko‘payadi. 2017 yilning o‘zida 1 630 066 inson dunyoga kelgan. Mamlakatning 10 million fuqarosi doimiy tashqi mehnat migrasiyasidadir. Mehnat muhojirlarining 60%dan ziyodi ayollardir. Dunyodagi baliqchilik va dengiz yuk tashuvi sohasining umumiy sonidan 30% qismi filippinliklardir. Mamlakat xorij davlatlari bilan ishchi kuchi jo‘natish bo‘yicha 60 bitimga, jumladan, 50 hukumatlararo bitimga egadir. Chet elda ishlaydiganlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi, xorijda ular huquqiy himoya qilinadi, bu sohada davlat va xususiy sektor hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Sohada to‘rtta agentlik faoliyat yuritadi. Odamlarni chet elga ishga tayyorlash, o‘qitish, shartnomalar tuzish va yuborish, chet ellarda qiyinchiliklarga uchraganda ko‘maklashish sohasida o‘n ming xodim ishlaydi. Dunyodagi 135 elchixonasida mehnat attashelari ishlaydi. Filippinlik mardikorlarning dunyo davlatlaridan vataniga jo‘natadigan yillik mablag‘lari 33 million aholisi bor O‘zbekistonning davlat byudjetidan ko‘pdir.

Shunday qilib, davlatning maq­sadi chet elda ishlashga qar­shilik qilish emas, asl maqsad odamlarni chet elga jo‘natish uchun o‘qitish, farroshlik va qoro­vullikka emas, katta maoshli jiddiy malakatalab, yuksak texnologiyali kasblarni o‘rgatish va migrantlar oqimini qashshoq davlatlarga emas, rivojlangan davlatlarga yo‘naltirishdir. Shuning uchun xususiy bandlik agentlariga ham shu yumushlar bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi.

Ishonchni oqlamagan xususiy agentliklar

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonun asosida 88 ta yuridik shaxs Xususiy bandlik agentligi sifatida Mehnat vazirligi reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ulardan 65 tasiga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun lisenziya berilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning 59 tasi o‘z faoliyatini yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri davomida xususiy bandlik agentliklari tomonidan bor-yo‘g‘i 1655 nafar fuqaro chet elda ishga joylashtirilgan.

Shu bilan birga, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga va boshqa mas’ul huquq-tartibot idoralariga ayrim xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida lisenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentlik­laridan 30 tasi tomonidan birorta ham fuqaro shu kunga qadar xorijiy davlatlarga ishga yuborilmagan.

Bungacha yillar davomida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hukumatlararo va tashkilotlararo bitimlar asosida asosan Koreyaga, shu bilan birga, oxirgi paytlarda Turkiya, ­Polsha, Yaponiya va boshqa ayrim Yevropa va arab davlatlariga ham mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni jo‘natishga harakat qilayotgandi va ularning soni yiliga to‘rt mingga ham bormasdi. Omadi chopganlar, imtihon va sinovlardan o‘tganlar davlat tomonidan chet elga ketardilar, qolganlar esa o‘zlarini tahlikaga solib bo‘lsa-da, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyaga yo‘l olardilar (chunki bu o‘lkalar bilan viza yo‘q yoki viza olish uchun yengilliklar bor).

Holbuki, yurtda xorijda ishlashni istaydiganlar soni sakkiz milliongacha edi. O‘sha “omadli” to‘rt mingning ichida bo‘lish uchun hatto “pora” berishga ham tayyor insonlar millionlabdir. Ilgari ham turli firibgarlar chet elga ishga yuborish va’dasi bilan odamlarning pullarini olib, yillar bo‘yi qaytarmay yurardilar. Qo‘lga tushganlari goho sudlanardi va chiqib yana ishini davom ettirar edi.

Shu ahvolda xususiy bandlik agentliklari ochish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ammo... rostakamiga ishlamoqchi bo‘lganlar bilan birga, firibgarlar ham shu sohaga yopirildilar. Chunki ular ko‘pdan orzu qilgan yo‘l — firibgarlikning miqyosini bir necha pog‘ona yuqoriga ko‘tarish imkoni ochilgandi.

Ular dunyoning istalgan davlatiga ishlashga yubora olishlarini e’lon qila boshladilar. Ammo “istagan davlatga ishga yuboradigan” agentlik aslida yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Hatto davlatning qonuniy Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ham to‘rtta yo beshta davlat bilan hukumatlararo va idoralararo shartnomaga ega va faqat shu davlatlarga tashkiliy tarzda yubora oladi. Agentlikning xususiy shartnoma bo‘limi esa fuqaroning o‘zi ish topgan davlatga borib ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtiradi, xolos.

Masalan, xususiy bandlik agentliklariga aldangan fuqarolarning kattagina qismi “Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketaman, deb” firibgar agentliklarga chuv tushganlar. Holbuki, Janubiy Koreyaga ishlash uchun Koreyaning bandlikka ko‘maklashish tizimidan tashqari hech kim hech bir kimsani ishlashga yubora olmaydi. Bu muqarrar qonundir. Janubiy Koreya dunyodagi faqat o‘n ikki davlatdan ishchi oladi va O‘zbekiston shu o‘n ikki davlatdan biridir. Ammo xususiy agentliklar orqali emas, faqat davlat va hukumat tashkiloti orqali ishchi oladi. Qolaversa, Koreyaga borib ishlash uchun imtihonlar xarajatlariga to‘lanadigan bir necha o‘n dollarlik pul va moslashish markazida o‘qitish hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun O‘zbekiston tomoni agentligiga to‘lanadigan bir necha minimal maoshdan iborat to‘lovdan boshqa bir tiyin xarajati yo‘q. Bularning bari birgalikda 250-350 dollardan oshmaydigan mablag‘dir.

Bularning bari ayon bo‘lgan bir holatda xususiy bandlik agentlik­lari vakolatlari bo‘lmagan holda Koreyaga ishga jo‘natishni kafolatlab, odamlarni jalb etganlar va hatto ulardan 2000-5000 AQSh dollari ekvivalentida oldindan mablag‘ olganlar. Xuddi “soxta tabib­lar” kabi tevarakda “kechagina ukamni shu yerdan jo‘natdim”, “ikki o‘g‘lim shu firmadan ketdi, uchinchisini yuboryapman” deb turadigan “da’vatchi”lar yurgan. Hatto firmalarning biri koreyalik tayini yo‘q bir kimsani firmasiga o‘tqazib qo‘ygan va kelgan “talabgor”larni go‘yo uning suh­ba­tidan o‘tkazgan. Odamlar agentlikda “tirik koreya­lik”ni ko‘rib laqqa tushganlar.

MOLIYAVIY PIRAMIDANING YANGI KO‘RINISHI

Xabarlar tasmalariga e’tibor beraylik. “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxs­lariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslari 2018 yil ­noyabr oyidan 2019 yil sentyabriga qadar O‘zbekiston Respub­likasi fuqarolarini Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litva davlatlariga yuborib, ishga joylashtirishni va’da qilib, har bir fuqarodan taklif etilgan ish turidan kelib chiqib, 11.500.000 so‘mdan 35.000.000 so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini jamiyatning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazish orqali qo‘lga kiritib, shu kunga qadar ularni ishga joylashtirish choralarini ko‘rmasdan, fuqarolarning 20 milliard so‘mdan ziyodroq pullarini firibgarlik yo‘li bilan egallab olishgan”.

Xo‘sh, chet elga hech kimni jo‘nat­magan bo‘lsa, pullar qayerda?

MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan jinoiy yo‘l bilan topilgan pullarga harid qilingan Toshkent shahrida joylashgan 4 ta va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 1 ta xonadonlar, bir dona “KIA” rusumli yukmashinasi, bir dona “LACETTI- GENTRA” rusumli va bir dona “COBALT” rusumli avtomashinalar hamda 6.000 AQSh dollar miqdoridagi pullar olinib, ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan va ular kelgusida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashga qaratiladi”. Bu, albatta, mablag‘ning bir qismi, xolos. Bu ishni tekshirishga 60 nafar tergovchi jalb etilgan.

Yana bir xabar. “Tahririyatga Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Xurshid D. Chilonzor tumanida joylashgan “Korean and migration xususiy bandlik agentligi” MCHJ rahbarlaridan shikoyat qilib keldi... Fuqaroning hikoya qilishicha, u joriy yilning fevralida o‘z tanishlari hamrohligida mazkur xususiy agentlikka borgan va ularni kutib olgan tashkilot xodimiga Janubiy Koreyaga ishga ketish niyati borligini aytgan. Firma vakillari bilan suhbatlashgach, fevral oyi so‘ngida agentlik va fuqaro o‘rtasida shartnoma tuzilgan, unga ko‘ra Xurshid D. bank orqali 27 million so‘m to‘lov qilgan. Mart oyida KOICA (Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi) ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazida bir haftalik mashg‘ulotlarda qatnashadi. Shundan so‘ng, tashkilot direktori unga mart oyi oxirida Koreyaga ishga ketishini aytadi. Lekin oktyabr oyiga kelib ham fuqaroga na ish topilgan va na uning mablag‘i qaytarilgan. Xurshid D. O‘zbekistonda o‘zi singari ushbu agentlik rahbarlari va’dalariga ishonib yurganlar  soni mingga yaqin ekanini bildirdi. Shartnomadagi to‘lovdan tashqari “shapka” ham berilgan.. Meni mart oxirida Koreyaga yubormoqchi bo‘lishdi. Ammo biror amaliy ish bo‘lmaganidan keyin ko‘pchilik qatori tezroq yuborishlari uchun naqd ko‘rinishda 1 ming 700 AQSh dollari miqdorida “shapka” berdim. Biroq, shunda ham oldinga siljish kuzatilmadi. May oyida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga qo‘ng‘iroq qilib, bor holatni aytdim. Men bilan gaplashgan xodim xususiy bandlik agentliklari Koreyaga ishga yuborish vakolatiga ega emasligini ma’lum qildi... Sakkiz oydan beri na ishga yuborishdan, na pulni qaytarishdan darak bor”. 

Ma’lumki, 2019 yil 4 yanvarda tashkil etilgan “Korean and migration xususiy bandlik agentligi” MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan IIV Tergov departamenti tomonidan 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, ya’ni “aldash va ishonchni suiiste’mol qilish” yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Aniqlanishicha, fuqaro Qahramon O. va boshqalar “Korean and migration xususiy bandlik agentligi” MCHJni ta’sis etib, xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashish niqobi ostida chet elda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yolg‘on va’dalar berib, jamiyatga murojaat qilgan 645 nafardan ziyod fuqarolarning har biridan 27 million so‘mdan 32 million so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini jamiyat balansiga kirim qilish yo‘li bilan jami 19 milliard so‘mdan ortiq pulni qo‘lga kiritgan va ushbu mablag‘larni shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab yuborishgan.

Tafsilotning qiziq yeri shundaki, bu agentlik mansabdor shaxslari muqaddam JK 168-moddasi, ya’ni firibgarlik jinoyati bilan sudlanib chiqqan shaxslardir! Bugungi kunga qadar 19 milliard so‘mdan 200 million so‘m mablag‘ qolgan, qolgani qay maqsadlarda ishlatilganini aniqlash kerak. Ma’lum bo‘lishicha, 1,7 mlrd. so‘m pulni o‘zi rahbar hisoblangan “FAYOZ” MCHJ balansiga moliyaviy yordam ko‘rinishida o‘tkazib, 1,5 mlrd. so‘mini DT “Xalq banki”dan olingan kreditni qoplash uchun o‘tkazib yuborgan, 5,5 mlrd. so‘m “Vega Best” MCHJning hisob-raqamiga o‘tkazilib, Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash” zavodi sotib olingan, 870 mln. so‘m pulga 3 dona “MALIBU-2” mashinasi xarid qilingan, 486 mln. so‘m va 600 mln. so‘m pul O.Qobilovning plastik kartasiga, 159 mln. so‘m pul “Zavodni ta’mirlagan ustalar uchun”, 280 mln. so‘m pul Mashurov Farhod uchun, 60 mln. so‘m pul M.Aliqulovga moddiy yordam tariqasida, 50 mln. so‘m pul jamiyat huquqshunosi A.Xasanovga moddiy yordam tariqasida, 433 mln. so‘m pul jamiyatning tashqi mehnat migrasiya­si bo‘yicha mutaxassisi bo‘lib ishlagan U.Xalmonovga, 93 mln. so‘m pul jamiyat ta’sischisi X.Turdiyevning hisob-raqamiga o‘tkazilib, sarflab yuborilgan, 2,1 mlrd. so‘m “Fayoz” MCHJ hisob-raqamiga, 275,8 mln. so‘m “GM O‘zbekiston” AJning hisob-raqamiga avtomashina uchun o‘tkazib berilgan.  Ayon bo‘ladiki, pullar insonlarni chet elga jo‘natish uchun emas, shaxsiy ehtiyojlarga sarflab yuborilgan.

K.Otaqulov va uning jinoiy sheriklari Qashqadaryo viloyatidan 955 nafar; Samarqand – 345, Surxondaryo­ - 254; Namangan  - 193, Toshkent – 304 nafar va boshqa viloyatlar fuqarolarini chuv tushirgan. 

STATISTIKA

Bugungi kunda ma’lumki, 2018 yil 30 noyabrdan hozirgi kunga qadar 90 ta xususiy bandlik agentliklari davlat reestriga kiritilgan, shundan 66 ta XBAga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish uchun lisenziya berilgan. O‘tgan davr davomida faoliyatini to‘g‘ri boshqara olmaganligi, o‘z tashabbusi yoki qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yganliklari uchun 8ta xususiy bandlik agentligining lisenziyasi bekor qilingan, 3 ta XBA lisenziyasi vaqtinchalik to‘xtatilgan va 3 ta XBAga jinoyat ishi ochilgan. 

Hozirgi kunda XBAlar tomonidan, Rossiyani istisno qilganda, chet elga ishga yuborilgan fuqarolar soni 871 nafar, xolos.  Xususiy bandlik agentliklari tomonidan chet elga ishga yuborilgan va u yerda turli muammolarga duch kelgan fuqarolar tomonidan Tashqi mehnat migrasiya agentligi va xususiy bandlik agentliklari nomiga shikoyat va arizalar kelib tushish holatlari kuzatiladi. Shikoyat va arizalarning asosiy mazmuni – yashash sharoitlari talabga javob bermasligi, belgilangan oylik maoshlari kechiktirilishi va og‘ir mehnat sharoitlaridan noroziligidan iborat.

NIHOYAT...

Shu yerda to‘xtaylik-da, bir fenomen borasida o‘ylaylik – nega bu qadar firibgarliklar avj olmoqda? Buning zamirida qandoq omillar yotibdi? Nega xalqimiz tinimsiz chuv tushaveradi?

Siz chiroyli uy-joyni orzu qilasiz, yangi mashina minishni xohlaysiz, chet elda ishlab, orzularingizni ro‘yobga chiqarishni istaysiz. Ana shu orzuga tezroq erishish istagimizdan firibgarlar foydalanadi. Biz ham farzandimiz boshqa loyiqroqning o‘rniga o‘qishga kirishi uchun “tanish-bilish” izlaymiz, mashinani “navbatsiz” olish uchun odam izlaymiz, chet elga boshqalardan ilgari ketish uchun “shapka” beramiz.

Bizni orzularimiz ohangida aldash davom etmoqda!

Agar yanada ustomonroq bo‘lgan­larida bu firibgarlikda ayblanayotganlar yanada uzoq “davron surishlari” mumkin edi. Voqeaning zamiri shundaki, ular odamlarning pullarini aylantirib pul topuvchi sudxo‘rlardir. Siz chet elga tezroq ketishni orzu qildingiz va buning uchun pulingizni uning bankdagi hisob raqamiga tushirib berdingiz, u hech ish qilmaganda ham, shu pulning foiziga ulkan boyga aylana oladi. 20 milliard so‘m bankda oyiga 2 foiz foyda keltirsa ham, bu to‘da oyiga 200 million so‘m foyda olib turadi. Olti oy-bir yilda joniga tekkanlarga pulini bir tiyin kamaytirmay aslicha qaytarsa va yangi kelganlarning pulini yana bankka qo‘yib tursa ham bo‘ladi, arzchilar oxiri ko‘nib ketadi. 

Biroq bu firibgarlarning bu galgi intihosini nafsi yaqinlashtirdi. Ularning birlari bankning foiziga qanoat qilmay, sizning pullaringizga zavod, uy-joylar sotib oldi, boshqasi qatorlar eng qimmat mashinalar xarid qildi, uchinchisi eng qimmat mehmonxonalarda yotib, qimmat res­toranlarda yemak yeb, Yevropani kezdi, Kanar orollarida dam oldi, oilasi bilan chet eldan kelmay ham qo‘ydi... Oqibat ishlari fosh bo‘lmoqda.

INTIHO

Biz mazkur maqola ustida ishlayotganda yangi bir xabar keldi – “xorijga ishga joylashtiradigan” ikki firmaning sohibi Ibrohimjon ­Januzakovga ham qidiruv e’lon qilindi. U 181 kishini Koreyaga jo‘nataman deb, 6,5 milliard so‘mni qo‘lga kiritgan. 

2017 yildan to 2019 yil avgustigacha Januzakov Global Works Resources va Profelite Imp Xususiy Bandlik Agentligi nomli ikki kompaniyani ta’sis qilgan va yuritgan. Eng qizig‘i, u lisenziya ham olib o‘tirmagan. Unga millionlarini tutqazgan xorijda ishlashga “orzumand”lar hatto uning tashkiloti hujjatini ham so‘rab o‘tirmagan. 

Nima ham deyishimiz mumkin?! Bu xodisalarning hammasini birlashtirib turgan bir jihat bor: bir tomonda – orzumand, qonunni chetlab, boshqa birovning manfaatini poymol etib, o‘zi kabi jonlarning haqqi hisobidan bo‘lsa ham, orzusiga, imkon qadar tezroq yetish talvasasiga tushgan soddadillar bor va ikkinchi tomonda – shu “orzuga yetkazish” va’dasi bilan ularni chuv tushiradigan muttahamlar bor. Soddadil orzumandlar qancha bo‘lsa, ularni chuv tushiradigan shuncha muttaham chiqaveradi. 

Bir prokuror Oliy Majlis minbaridan poraxo‘rlikni tugatish uchun “xalq berishni to‘xtatishi kerak”, deganida hamma, shu jumladan, men ham kulguga oluvdik. Aslida uning gapida jon bor edi. Korrupsiyaga qarshi kurashimiz shunga bog‘liq bo‘lib qoldi. Aniq bo‘ldiki, agar pastdagilar berishni to‘xtatmasa, tepadagilar olishni to‘xtatmaydi. Huquqimizni bilaylik, haqqimizni taniylik.

Aks holda, o‘zi do‘q-po‘pisa qilib, so‘kib, keyin aybni buni (yozib olib!) e’lon­ qilganlarga to‘nkaydiganlar, bittagina hovlisi 12 milliardga sotuvga qo‘yiladigan muttahamlar, katta-yu kichik “Ahmadboylar” chi­qaveradi, teleo‘yinda mashina yutaman, deb meva sharbati ichib yoki margarin yeb yotganlar urchiyveradi. Va yangi-yangi firibgarlar domiga tushaveradi. Soddalar muttahamlarni yaratadi.

Karim BAHRIYEV, jurnalist

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!