AQSh harbiy havo kuchlarining gipertovushli raketasi sinovdan o‘ta olmagani ma’lum qilindi

AQSh harbiy havo kuchlarining gipertovushli raketasi sinovdan o‘ta olmagani ma’lum qilindi

AQSh harbiy havo kuchlarining AGM-183A ARRW gipertovushli raketasi sinovlari muvaffaqiyatsiz tugadi. Bu haqda CNN agentligiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, raketa Boeing B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyotidan uchirilishi kerak edi. «Biroq raketa uchish tartibini yakunlay olmadi va samolyotda qolib ketdi. Samolyot raketa bilan Kaliforniyadagi Edvards aviabazasiga qaytib keldi», — deyiladi AQSh harbiy havo kuchlari bayonotida.

Harbiylar muvaffaqiyatsizlik sabablarini o‘rganish, «undan saboq olish» va raketani yana uchirishga harakat qilishni rejalashtirmoqda. Ular raketaning tovush tezligidan 20 baravar tezroq ucha olishiga umid qilmoqda, deb yozadi CNN.

2020 yil sentyabr oyida AQSh harbiy kuchlari ikkita gipertovushli raketa prototiplarini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan edi. Gap Lockheed Martin va Raytheon tomonidan ishlab chiqilgan havo-reaktiv dvigatellari haqida bormoqda. Ushbu raketalar o‘z-o‘zidan uchib ketmagan. Tashuvchi samolyotning quyi qismidan uchirilgan mazkur raketalarning tovush tezligidan besh baravar yuqori tezlik va bosimga bardosh berish qobiliyati sinovdan o‘tkazilgan.

Keyinchalik Pentagon gipertovushli qurollar 2023 yildan AQShning quruqlikdagi kuchlari bilan xizmatga kirishishini ma’lum qildi. AQSh sobiq mudofaa vaziri Mark Esperning so‘zlariga ko‘ra, gipertovushli qurollar AQSh armiyasining «vazifalar ro‘yxatining yuqorisida» turadi. «Uning rivojlanishiga misli ko‘rilmagan inson va moliyaviy resurslar yo‘naltirilgan», — dedi Esper.

2019 yilda AQSh generali gipertovushli qurollarning 2022 yilda jangovar holatga keltirilishini aytgan edi. Avvalroq Mark Esper AQSh gipertovushli qurol ishlab chiqishda Rossiyadan ortda qolayotganini tan olgan va Vashington ushbu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirishi lozimligini ta’kidlagan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!