Almazbek Atambayevga nisbatan qamoqda kuch ishlatilgani aytilmoqda

Almazbek Atambayevga nisbatan qamoqda kuch ishlatilgani aytilmoqda

Qirg‘iziston. Qiynoqlarning oldini olish milliy markazi mamlakatning qamoqdagi sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan kuch ishlatilganini aniqladi. Ma’lum qilinishicha, markaz xodimlari joriy yilning 24 mart kuni Atambayev jazoni o‘tayotgan 47-koloniyaga kelgan. Tekshiruv xulosasiga ko‘ra, sobiq prezidentga nisbatan kuch ishlatilgani tasdiqlangan.

Milliy markaz xabarida aytilishicha, sobiq prezident bilan suhbat o‘tkazilganda u jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan kun — 23 martda o‘zini yaxshi his qilmayotgani sababli sog‘lig‘i bo‘yicha sud majlisida qatnashishdan yozma ravishda bosh tortgan. Yozma arizasini koloniya boshlig‘ining navbatchi yordamchisiga topshirgan.

Biroq mavjud bayonnomaga qaramay, qamoqxonaning 10 nafar xodimi Atambayevni ustki kiyim va poyabzalsiz ko‘chaga olib chiqib, unga nisbatan kuch ishlatgan. Shundan so‘ng sobiq davlat rahbari harbiy bo‘linmaga topshirilgan. Ular esa Atambayevni maxsus avtomashinaga o‘tirishga majburlagan va uni sudga olib kelgan. Milliy markaz xodimlari sobiq prezident bilan suhbat chog‘ida uning oyoq va qo‘llarida ko‘karishlarni aniqlagan. U tibbiy yordamni rad etgan.

Ish materiallarini o‘rganish jarayonida sobiq prezidentning yozma arizasi va 47-sonli muassasa xodimlari tomonidan tuzilgan dalolatnoma topilmagan. Natijada yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarning yo‘qligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan. Bundan tashqari, videoyozuvni ko‘rish so‘ralganida koloniya mas’ullari serverga kirish imkoni yo‘qligini aytib, videoni ko‘rsatishdan bosh tortgan.

Yuqoridagi dalillar asosida Qiynoqlarning oldini olish milliy markazi tegishli organlarga murojaat yuborishi bildirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!