Aholining Axtachidagi sement zavodidan norozi e’tirozlari nechog‘li o‘rinli?

Aholining Axtachidagi sement zavodidan norozi e’tirozlari nechog‘li o‘rinli?

Andijon shahriga qadam bosgan kishi borki, Asakaga tashrif buyurishni ixtiyor etadi. Buning sabablari ko‘p, masalan, kimdir necha ming yillik tarixga ega qadim shahar hayoti bilan tanishmoq istasa, yana kimdir o‘sha mashhur “Cho‘ntak” choyxonasida tamaddi qilishni ixtiyor etgan. Boshqa birovi esa o‘nlab avtomashinalar ishlab chiqaruvchi korxonani o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga orzumand.

Xullas, o‘ziga chorlaguvchi bu manzil sari odimlamoq istovchilar juda ko‘p. Ana shunday intilish, ishtiyoq bilan viloyat markazidan atigi 3-4 kilometr yiroqlashsangiz Asaka zaminiga qadam bosasiz. Yupqa tuman qa’ridagi keng ko‘chalar, ravon yo‘llar, bir qatorga saf tortgan zamonaviy uylar havasingizni orttiradi. “Yupqa tuman” dedikmi? Ha-ya, aslida o‘zimiz ham shu mavzuda fikrlashmoqchi edik. Tumandek parda tortib turgan bu holat tuman emas Axtachi qishlog‘idagi sanoat zonasida joylashgan sement zavodidan chiqqan g‘ubordir. Har qalay, bizga shunday deyishdi.

Avvalo, ushbu korxonaning foydasi haqida gapirsak. “Sing Lida” nomi bilan ataluvchi mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi bu qo‘shma korxona 2013 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Unda samarali mehnat qilayotgan 220 nafar ishchi-xizmatchilar tomonidan bir kunda 150-200 tonna sement ishlab chiqarilyapti. Demak, korxona tufayli 200 nafardan ziyod oilaning qozoni qaynab turibdi. Har bir oilada o‘rtacha 4 nafar a’zo borligini inobatga olsak, salkam ming nafar yurtdoshlarimiz aynan shu zavoddan manfaatdor ekan. Ichki bozorni har oyda 5-6 ming tonna sement bilan ta’minlab kelishining o‘ziyoq mamlakatimiz iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasidan dalolat. Bu yaxshi, albatta! Biroq, oyning ham orqa tomoni bo‘lgani kabi korxonaning aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan jihatlari ham yo‘q emas. Bu haqida ularning fikri bilan tanishamiz.

Shuhratbek TURG‘UNBOYEV, Manjara ko‘chasi 33-uy.

-Bir paytlar qishlog‘imiz bahavo bo‘lgan! Havosidan tanamiz yayrardi. So‘nggi 2-3 yil ichida yashash ham qiyin bo‘lib qoldi. Sement zavodidan chiqqan chang-g‘ubor o‘pkamizga to‘lib qolyapti. 3 yoshli nabiram Abdulboqi Turg‘unboyev kunora kasal bo‘lib qoladi. Shifokorga uchrasak, allergik kasallikka chalinganligini aytdi. Bir necha marta viloyat markazidagi shifoxonalarda davolatdik. Foydasi bo‘lmayapti. Salkam bir oy yaxshi yuradida, keyin yana kasal bo‘lib qoladi. Aksariyat hollarda uni Shahrixon tumanidagi qudamnikida qoldirib kelaman. Ishonasizmi, 4 kunda sog‘ayib ketadi. Biznikiga kelgach, yana shu ahvol. Keksalarimizda o‘pka bilan bog‘liq kasallar ortib boryapti. Ayniqsa, nafasi qisadiganlar ko‘p.Shu zavod ishga tushmasidan avval hammasi yaxshi edi.

Mahammadortiq HAKIMOV, Aylanish ko‘chasi 17 uy.

-Zavoddan chiqayotgan g‘ubor tomorqamizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Daraxtlarimiz meva tugadiyu, yaxshi pishmaydi, aksariyati pishmay turib chiriyapti. Pomidorimizga sariq dog‘ tushgani yetmagandek, bir chetdan qurishni boshladi. Tomimizdagi shiferlarga bir santimetr qalinlikda sement changi o‘rnashib qolgan. Yomg‘ir yog‘sa tarnovimizdan qop-qora suv oqadi. Yozning issiq kunlarida ham ayvonda o‘tirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, kechga borib qishloqni qalin chang bosadi. Huddi tuman tushganga o‘xshaydi.

Oqyo‘l DEHQONOV, Tovoqchi ko‘chasi, 25-uy.

-Yoshim 75 da. Mahallamizda bajarilayotgan ishlarni ko‘rib hali uzoq yashagim keladi. Boisi, ko‘chalarimizga asfalt bosishdi. Simyog‘ochlarimizni almashtirib, yangitdan elektr simi tortishdi. Ichimlik suvidan shikoyatimiz yo‘q. Ariqlarimizda suv tinmaydi. Bitta arzimiz zavoddan, uka. To‘g‘ri, qishlog‘imizning aksariyat aholisi mana shu zavod tufayli tirikchilik qilyapti. Vaqtida oylik maosh beradi. Har bir ishchi har oyda oilasiga 1,5 million so‘m atrofida mablag‘ olib kiradi. Yana qancha yurtdoshlarimiz zavod bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xullas, minglab oilalarning tirikchiligi shu zavodga bog‘liq. Shu bois ham zavod bizga kerakmas, demoqchi emasmiz. Faqat, undan chiqayotgan chang-g‘ubor dilimizni xufton qilyapti. Qarang, kunduz kuni ham atrofimizni tuman qoplagandek manzara hukmron. Mutaxassislar yaxshilab o‘rganib chiqib, aholiga zarar yetmaydigan biror chorasini topsa bo‘larkan. Axir, sobiq Ittifoq davrida ham bu kabi korxonalar faoliyat yuritgan. Biroq, ulardan aholi aziyat chekmagan. Me’yoriy talablarga amal qilinmayaptimikin, deymanda.

Xullas, aholining arzi tugamaydi, savollarni oxiri yo‘qdek. Ana shu savollarga javob izlab korxonada bo‘ldik.

-Har bir korxona o‘z faoliyatini boshlar ekan, tegishli idoralar tomonidan o‘rganib chiqiladi,-deydi qo‘shma korxona rahbari Ahliddin Zokirov. –Bizning korxona ham faoliyatini boshlaguniga qadar bir necha tekshiruvlardan o‘tgan. Odatda bu kabi ob’ektlar aholi yashash hududidan bir kilometr narida joylashgan bo‘lishi kerak. Bizning korxona 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, sanoat zonasining eng oxirgi hududidamiz. Atrofimizdagi sanoat korxonalari faoliyatimizga nisbatan biror marta ham e’tiroz bildirishgani yo‘q. Qishloqdagi odamlarning zavodimizdan taralayotgan g‘ubordan zaharlanganligi tufayli kasallikka chalinganligiga, tomorqasidagi ekinlar qurib qolayotganiga qo‘shila olmaymiz. Boisi, har oyda tegishli idoralar tomonidan mutaxassislar kelib, ish faoliyatimizni o‘rganib turishibdi. Kamchiligimiz bo‘lsa o‘z vaqtida chora ko‘ryapmiz. Atrofga zarar berilsa birinchidan o‘zimizning vijdonimiz qiynaladi. Tumandek ko‘ringan manzaraga keladigan bo‘lsak, biz joylashgan hududdan 3 kilometr narida Bog‘ishamol qir-adirlari joylashgan bo‘lib, mayin esgan shabboda ham adirdagi changni aynan shu qishloqqa uchirib kelmoqda. Shu bois bu manzarani hatto zavodimiz ishlamagan kunlari ham bemalol kuzatish mumkin.

Xullas, ming bir savolga ming bir javoblar! Rasmiy ma’lumotlarda hammasi yaxshi, aholi esa har doimgidek norozi. Nima qilish kerak? Surishtiruvimiz davomida amin bo‘ldikki, bu e’tirozlar vaqtincha. Boisi, viloyat hokimligi tomonidan zavod uchun Xo‘jaobod tumanining aholi yashash hududidan ancha olis qismida 40 gektarlik maydon ajratilgan bo‘lib, shu kunlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Zavod ishga tushgach, uning faoliyati 4 barobarga ortadi. Demak, 800 nafar ishchilar aynan shu zavod tufayli doimiy ish joyiga ega bo‘ladilar. Qo‘shma korxona Axtachidagi faoliyatini 2020 yilning 4-choragida yakunlab, Xo‘jaobod tumanida yangi sahifani boshlaydi. Bu safar uning ortidan keladigan foyda bilan bir qatorda yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlar ham atroflicha o‘rganib chiqilgan va shu jihatlar hisobga olingani holda maydon tanlangan. Bu yaxshi albatta! Biroq, ungacha aholi e’tirozi davom etaveradimi?

“Yo‘q, albatta,-deydi korxona rahbari Ahliddin Zokirov.-Avvalo, aytish joizki, zavodimizdan chiqayotgan namlik (g‘ubor yoki chang emas) maxsus filtrlar orqali tashqariga chiqarilmoqda. Hammasi talab asosida tashkillashtirilgan. Shunday bo‘lsada, vaziyatni yanada yengillashtirish maqsadida Xitoy davlatidan ventilyator moslamasi olib kelmoqdamiz. Iyul oyining 15-sanasidan boshlab vaziyat umuman o‘zgaradi. Shunda aholining biz bilan bog‘liq e’tirozlariga o‘rin ham qolmaydi”.

Odatda hamma narsa inson manfaatlari uchun bunyod etiladi. Shunday ekan, amaldagi barcha harakatlar yon-atrofimizdagilarning minnatdorligiga sabab bo‘lmog‘i kerak. Biz ko‘rganimizni xolisona bayon etdik. Qolgan gapni mutasaddi idoralar vakillaridan kutib qolamiz.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!