21 oktyabr - O‘zbek tili bayrami

21 oktyabr - O‘zbek tili bayrami

1989 yil 21 oktyabr. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan esa 2019 yil 21 oktyabr kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmon qabul qilindi. Unga binoan 21 oktyabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi.

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 31 yilligi hamda “O‘zbek tili bayrami” kuni keng nishonlanmoqda. Xuddi shunday tadbirlar jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudlarida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida tashkil etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudida Zarafshon shaxar va Tomdi tuman jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari sudya va xodimlari ishtirokida tashkil etilgan  tadbirda bugungi kunda ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, buyuk tarixga ega ona tilimizga mustaqil yurtimizning davlat tili maqomi berilgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlayotgani hamda davlat tilida ish yuritish va uning o‘ziga xos fazilatlarini saqlab qolish bo‘yicha sud tizimida ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Huquqshunosning asosiy qurollaridan biri til ekanligi bois, o‘zbek tilining sud-huquq sohasidagi tutgan o‘rnini yanada chuqur o‘rganish va tahlil qilish soha mutaxassislarining e’tiboriga molik masala hisoblanadi.

Darhaqiqat, yetuk sudyaning rasmiy hujjatlarni davlat tilida bexato tuza olishi, ish jarayonida o‘z nuqtai nazarini ravon ifodalay bilishi adolatni qaror toptirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

D.Ergasheva

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi

D.Xonbo‘tayeva

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!