2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining 75 foizdan ortig‘iga ta’sir qilishi mumkin

2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining 75 foizdan ortig‘iga ta’sir qilishi mumkin

2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘iga ta’sir qilishi mumkin, — deyiladi BMT Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash tashkiloti bayonotida.

“Qurg‘oqchilikka qarshi birgalikda kurashamiz” shiori ostida faoliyat yuritayotgan Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash tashkiloti insoniyat va atrof-muhit uchun halokatli oqibatlarning oldini olish uchun erta choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi.

Xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, qurg‘oqchilik global isish va suv resurslarining kamayishi tufayli dunyo bo‘ylab ortib borayotgan tendensiyadir.

Jahon Meteorologiya Tashkilotining 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, 2000 yildan buyon qurg‘oqchilikning soni va davomiyligi 29 foizga oshgan.
Bundan tashqari, YUNISEF ma’lumotiga ko‘ra, 2040 yilga borib har to‘rt boladan biri qurg‘oqchilikdan aziyat chekadigan hududda yashaydi.

Afrika eng ko‘p zarar ko‘radi, chunki so‘nggi yigirma yil ichida 134 ta qurg‘oqchilik holati ana shu qit’ada kuzatilgan.

Qolaversa, 1900 yildan 2019 yilgacha qurg‘oqchilik bilan bog‘liq sabablar tufayli 11,7 million kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, oxirgi o‘n yil ichida Yevropada 45 ta qurg‘oqchilik sodir bo‘ldi va buning oqibatida qit’a quruqlik massasining 15 foizi va aholining 17 foizi zarar ko‘rdi. Zarar miqdori esa 27 milliard dollardan oshib ketdi.

AQShda o‘tgan asrda qurg‘oqchilikning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga yetkazgan zarari 250 milliard dollarga yetdi.

Darvoqe, o‘limlarning aksariyati Osiyoda sodir bo‘lgan. Dunyoda eng tez-tez uchraydigan tabiiy ofat bo‘lgan qurg‘oqchilik, toshqinlar har qanday mamlakatning iqtisodiyotiga ham zarar yetkazadi.
Xususan, Hindiston yalpi ichki mahsuloti tabiiy ofatlar tufayli 2-5 foizga qisqardi. 2000 yildan beri Avstraliyada qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish 18 foizga kamaygan.

Shuni ta’kidlash joizki, ayni paytda, Somali, Zimbabve, Jibuti, Mavritaniya va Janubiy Afrika qurg‘oqchilik xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!