Yurtimizdagi qo‘shma tibbiyot fakultetlarida qancha talaba tahsil olmoqda?

Yurtimizdagi qo‘shma tibbiyot fakultetlarida qancha talaba tahsil olmoqda?

SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga vazirlikning Fan va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismailov javob berdi:

— Oliy ta’lim yetuk mutaxassislar tayyorlashning eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi, — deydi O‘.Ismailov. — Sababi ushbu bosqichda talaba nafaqat bilim oladi, balki bevosita amaliyotga kirishadi.

Albatta, bu jarayonda xalqaro hamkorlik va chet el tajribasi juda muhim. Shu bois, bugun yurtimizda xorijning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik qilish, o‘quv jarayoniga ilg‘or tajribalarni joriy etish, xususan, qo‘shma ta’lim dasturlari orqali malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilyapti.

Jumladan, ayni paytda mamlakatimizdagi mavjud tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining baklavriat bosqichida Rossiyaning 15 ta, Polsha, Qozog‘iston va Ukraina oliy ta’lim muassasalari bilan 46 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida tibbiyot fakultetlari tashkil etilib, ularda jami 2 ming 266 nafar talaba tahsil olmoqda.

Qolaversa, magistratura bosqichida Rossiya, Polsha va Belarus oliy ta’lim muassasalari bilan 11 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida tibbiyot fakultetlari ochilib, ularda bugungi kunda 65 nafar talaba soha sir-asrorlarini o‘zlashtiryapti.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining klinik ordinatura bosqichida Rossiya va Belarus institut va universitetlari bilan 28 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida tashkil etilgan tibbiyot fakultetlarida jami 84 nafar talaba bilim olmoqda.

Yana bir muhim yangilik. Joriy o‘quv yilidan boshlab yurtimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida “Transplantologiya” va “Kardioxirurgiya” mutaxassisliklari bo‘yicha klinik ordinatura (rezidentura)da kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. E’tiborlisi, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha yiliga 20 nafar tranplantolog va 24 nafar kardioxirurg yetishib chiqadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!