Xoqon Fidan Saudiyaga boradi

Xoqon Fidan Saudiyaga boradi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan G‘azo urushi masalasidagi yig‘ilishda qatnashish uchun Saudiya Arabistoniga boradi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Xoqon Fidanning tashrifi 28—29 aprel kunlariga mo‘ljallanmoqda. Saudiyadagi yig‘ilish Islom hamkorlik tashkiloti va Arab Ligasi tomonidan hamkorlikda tashkil etilayotgan bo‘lib, Falastin anklavida o‘t ochishni to‘xtatish borasida kelishuvga erishishni nazarda tutadi.

Diplomatik manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Xoqon Fidan Saudiya Arabistonining poytaxti Riyodga tashrifi chog‘ida hamkasblari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi. Unda Saudiya Arabistoni va Turkiya o‘zaro munosabatlariga daxldor yopiq mavzular muhokama qilinadi.

Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlarda G‘azoda davom etayotgan urushni to‘xtatish yo‘llari va ikki davlat yechimini amalga oshirish variantlari muhokama qilinishi aytilgan. Yig‘ilish deyarli barcha Yaqin Sharq arab davlatlari rahbariyatini o‘z ichiga olgan “Aloqa guruhi” formatida bo‘lib o‘tadi.

“Aloqa guruhi” IHT va Arab Ligasining 2023 yil noyabr oyida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan qo‘shma sammitda G‘azodagi mojaroni to‘xtatish va mustahkam tinchlikka erishishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!