Xodimlarini paxta terimiga majburiy jalb qilgan mansabdor shaxslarga chora ko‘rildi

Xodimlarini paxta terimiga majburiy jalb qilgan mansabdor shaxslarga chora ko‘rildi

Joriy yil boshidan bugunga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari hamda huquq posbonlari o‘rtasida qator uchrashuvlar bo‘lib, tomonlar paxta dalalarida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha monitoring natijalari haqida o‘zaro ma’lumot almashib bormoqda, deb xabar berdi Bandlik va mehnat munosabatlari matbuot xizmatiga asosan Xabar.uz.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 29 sentyabr kuni huquq-tartibot organi xodimi Arislanbay Otepov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani markaziy poliklinikasining hamshiralari dam olish kunlari majburiy paxta terimiga chiqarilgani haqida ma’lumot bergan. Holatni tekshirish uchun 30 sentyabr kuni Davlat mehnat sharoitlarini ekspertiza va muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i xabar berilgan joyga yetib bordi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, tibbiyot xodimlarini paxta terimiga jalb qilish oldi olindi, mansabdor shaxslarga nisbatan buyruq chiqarildi.

30 sentyabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani dalalaridagi paxta terimida TETning 70 nafar xodimi, 9 va 14 yoshli ikki nafar voyaga yetmaganlar, homilador yosh ayol va qator tibbiyot xodimlari aniqlanganligi xabar qilindi. 

Mazkur holat yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari hamda Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan tekshiruv o‘tkazildi. Natijada tuman elektr tarmog‘i boshlig‘i Muxamedov E.J. paxta terimiga tashkilot xodimlarini majburiy jalb qilishga yo‘l qo‘ygani uchun MJ Kodeksining 51-moddasiga muvofiq, ma’muriy javobgarlikka tortildi va eng kam oylik ish haqining 3 barobari miqdorida jarima solindi.

“Saidabror Sultonsaid” fermer xo‘jaligi rahbari Xasanov S.S. voyaga yetmagan bolalarning paxta terimida qatnashishiga yo‘l qo‘ygani uchun MJ kodeksining 49-moddasiga muvofiq, ma’muriy javobgarlikka tortildi va eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima solindi. Tibbiyot xodimlarini paxta terimiga majburiy jalb qilish holati o‘z tasdig‘ini topmadi.

Fuqarolar va qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga mehnat qonunchiligi, xususan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik tushuntirildi.

1 oktyabr kuni huquq-tartibot organi xodimi O‘ktam Pardayev harbiy xizmatga chaqiruv yoshida bo‘lgan shaxslarning paxta terimiga majburan safarbar qilinganligi holati haqida Jizzaxdan xabar berdi. Jizzax viloyati bo‘yicha xizmat  safarida bo‘lgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev mazkur holat yuzasidan huquq posboni bilan uchrashdi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlari tushuntirilgan xat yuborildi. O‘.Pardayev va Jizzax viloyati bo‘yicha Bandlik bosh boshqarmasi xodimlaridan joylarda tushuntirish ishlarini olib boradigan va paxta terimiga majburiy jalb qilishga yo‘l qo‘yilmasligini kuzatadigan guruh tuzildi.        

Ayni paytda paxta terimiga majburiy jalb qilish haqida huquq-tartibot organlaridan kelib tushgan xabarlarni o‘rganish davom etmoqda.

10 sentyabrdan buyon Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi majburiy mehnatga jalb qilish bo‘yicha aholidan 819 ta murojaatni qabul qildi. Ulardan 77 tasi bo‘yicha mansabdor shaxslar javobgarlikka tortildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har bir paxta terimiga jalb qilish holati bo‘yicha +99871 200-06-01 raqami orqali ishonch tarmog‘iga murojaat qilishni yoki @mehnathuquqbot Telegram botida xabar qoldirishni so‘ramoqda.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!