WSJ: «AQShning Afg‘oniston bo‘yicha vakili toliblar bilan muzokara o‘tkazdi»

WSJ: «AQShning Afg‘oniston bo‘yicha vakili toliblar bilan muzokara o‘tkazdi»

Yaqinda AQShning Afg‘oniston bo‘yicha vakili etib tayinlangan Zalmay Xalilzod juma kuni Qatar poytaxti Doxada “Tolibon” harakati vakillari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda The Wall Street Journal gazetasi.

Nashrning qayd etishicha, muzokaralarda aynan qaysi masalalar ko‘tarilgani noma’lum, ammo bu so‘nggi oylarda AQSh rasmiy vakilining “Tolibon” vakillari bilan ikkinchi uchrashuvidir. Iyul oyida Qatardagi uchrashuvga AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari Elis Uells kelgan edi. O‘shanda tomonlar Afg‘onistondagi nizoni hal qilish masalasini muhokama qilgan.

Davlat departamenti Zalmay Xalilzodning toliblar bilan uchrashganini hozircha tasdiqlagani yo‘q.

Avvalroq Xalilzodning 4-14 oktyabr kunlari Afg‘oniston, Pokiston, BAA, Qatar va Saudiya Arabistoniga safar qilishi aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevralida Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani hukumat “Tolibon” harakatini siyosiy kuch sifatida tan olishi mumkinligini bildirgan edi. Iyul oyida esa AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo Kobulda Ashraf G‘ani bilan uchrashuvda AQSh Afg‘oniston hukumatining “Tolibon” bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazishiga ko‘maklashishga tayyorligini aytdi.

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!