O‘zSSV «vaqtida murojaat qilmay, uyida davolangan» degan marhum bemorni kasalxonalar bir necha bor qabul qilmagan

O‘zSSV «vaqtida murojaat qilmay, uyida davolangan» degan marhum bemorni kasalxonalar bir necha bor qabul qilmagan

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan o‘lim holatlari haqida xabar berarkan, ayrim hollarda vafot etgan bemorlarni quyidagi mazmunda ayblashi odatga aylanib qoldi: «Kasallik belgilari bo‘lishiga qaramay, bemor shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmay, uy sharoitida davolanib yurgan». Ayniqsa, iyul oyida, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi shu tizimning yetakchi mutaxassislari tomonidan «chok-chokidan so‘kila boshlagani», «bo‘sh koyka-o‘rinlar qolmagani», tizim «resurslari poyoniga etib bo‘lgani» haqidagi bayonotlari yangragan vaqtda vafot etgan bemorlar sha’niga bunday ayblovlar ayniqsa ko‘p yangradi.

Ehtimol, hozirgacha koronavirusdan vafot etgan 62 fuqaro orasida haqiqatan ham shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmagan, Sog‘liqni saqlash vazirligining boshqa bir ayblovida ta’kidlanganidek, «o‘z sog‘lig‘iga e’tiborsizlik bilan qaragan»lar bordir. Lekin, shuni ham ishonch bilan ta’kidlash o‘rinliki, ular orasida shifokorlarga o‘z vaqtida bir emas, bir kunning o‘zida bir necha bor murojaat qilgan, biroq tegishli tibbiy yordamni ololmagan, kasalxonalar tomonidan qabul qilinmagan, tizimning mana shunday mas’uliyatsizligi oqibatida vafot etganlar ham yo‘q emas. Albatta, o‘lim har bandaning boshida bor qismat, lekin yaqin kishingni vafotidan so‘ng «u o‘z vaqtida murojaat qilmagan» degan tuhmatnamo gap eshitish — marhumning ortida qolganlar uchun qo‘shimcha bir azob.

«Daryo»ga yaqin qarindoshi koronavirusdan vafot etgan fuqaro murojaat qildi. Ular, tabiiyki, taqdirning qarshi chiqib ham bo‘lmaydigan hukmiga rozi, lekin Sog‘liqni saqlash vazirligi siymosida nafaqat marhum fuqaro, balki oila sha’niga davlat tomonidan ilgari surilgan ayblovdan keskin norozi. Fuqaroning murojaatidagi norozilik — bir masala, deyarli o‘limiga qadar uyida qolgan marhumning qarindoshlari mash’um voqeadan bir necha kun o‘tsa hamki na karantinga olingani, na koronavirusga testdan o‘tkazilgani — boshqa, yanada jiddiyroq masala (ehtimol, shu sababli ham so‘nggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari soni keskin o‘sayotgandir — birgina Toshkentda 12 iyul kuni aholi orasida 240 kishida koronavirus tasdiqlandi).

Yaqin qarindoshim uch-to‘rt kun uyda issig‘i chiqib, yo‘taldi. Harorati tushavermagach, oxiri tez yordam chaqirdim. Avval shahar kasalxonalaridan biriga olib borishdi, u yerda koronavirus testi natijasiga qarab olib qolishlari mumkinligi, boz ustiga muassasada sun’iy nafas oldirish apparati yo‘qligini aytib, qabul qilishmadi. Shundan keyin shaharning boshqa kasalxonasiga olib bordik. U yerda: «Qarindoshingizda koronavirus yo‘q» deb, uni qabul qilmay, resept yozib, uyda davolanish uchun qaytarib yuborishdi. Kechga yaqin issig‘i tushavermadi, nafas olishi esa og‘irlashaverdi. Bu safar xususiy klinika tez yordam mashinasini chaqirib, yana boyagi (ikkinchi borganimiz) shahar kasalxonasiga bordik. Yana qabul qilishmadi. Xususiy klinikalar ham «koronavirus bo‘lsa-chi» deb qabul qilishni xohlamadi.

Oradan uch kun o‘tib, uning ahvoli battar og‘irlashdi. Tez yordam chaqirdik, uch kun avval ikki marta borsak-da qabul qilmagan kasalxona bu safar qabul qildi, reanimasiyaga yotqizishdi. «Qabul qilsa bo‘larkan-ku», deb hayron qoldik, ahvoli shunchalikka bormaguncha qabul qilishmadi-ya. O‘sha kuni, kasalxonaga yotqizilganidan ko‘p o‘tmay, joni uzildi. Koronavirusga topshirgan tahlili esa ertasiga chiqdi. Mayitni olib chiqib ketishga ham qiynaldim — bir kun qolib ketdi. Lekin meni eng qiynagan narsa — Sog‘liqni saqlash vazirligi hech narsani o‘rganmay, noto‘g‘ri axborot tarqatgani. Xuddiki, biz qarindoshimizni vaqtida qaratmabmiz. Qabul qilishlarini so‘rab, doktorlarga yalinib, jonimizga halqumimizga keldi-ku axir! Juda yomon qiynaldi bechora. Qiylanib, jon holatda hansirab nafas olishini eslasam, ko‘zimga yosh kelaveradi.

Bu yoqda bolalarim chirqillab qoldi. Qo‘limdan kelganini qildim, yozib bergan dorilarini olib kelib berdim. Hech bir shifokor uyimizga kelib, ahvolimizni o‘rgangani yo‘q. Qarindoshimiz vafotiga qadar biz bilan bir uyda yashaganiga qaramay, u koronavirus oqibatida vafot etgan bo‘lsa-da, karantinga ham olishmadi. Uyni o‘zimiz ikki marta xlorlab yuvib chiqdik. Endi bolalarim bilan hammamiz birga xususiy klinikaga borib test topshirmoqchimiz. Hozircha ahvolimiz yaxshi, o‘zimizda biror o‘zgarish sezganimiz yo‘q. Nima bo‘lsa — bo‘ldi. Hammasini Xudoga soldim.

Qarindoshi koronavirusdan vafot etgan fuqaro

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!