O‘zbekistonliklar dori sotib olishga qancha pul sarflayapti?

O‘zbekistonliklar dori sotib olishga qancha pul sarflayapti?

O‘zbekistonda birinchi marta soliq organlari fiskal cheklar bo‘yicha dori vositalari savdosi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi

Respublika bo‘yicha 8 002 ta dorixona ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularda 15 609 ta onlayn-NKT mavjud. Xarid qilingan dori vositalari uchun iste’molchilarga berilgan fiskal cheklarda ko‘rsatilgan MXIK asosida aholining tibbiy preparatlar uchun qancha mablag‘ sarflayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar shakllanadi.

Joriy yilning 5 oyida dori vositalari uchun eng katta xarajatlar Toshkent shahri (2,1 trln so‘m), Samarqand (986,9 mlrd so‘m) va Toshkent viloyatlarida (663,4 mlrd so‘m) qayd etilgan. Poytaxt ko‘rsatkichlari yirik tibbiyot muassasalarining aynan ushbu hududda joylashganligi hisobiga shakllangan.

Respublika hududlari kesimida eng kam xarajatlar Jizzax (201,3 mlrd so‘m), Navoiy (191,6 mlrd so‘m) va Sirdaryo (170 mlrd so‘m) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.

Yuqoridagi raqamlar va har bir hududda ro‘yxatga olingan aholi sonidan kelib chiqqan holda yil boshidan o‘rtacha bir kishi dori vositalariga:

Toshkent shahrida — 750 ming so‘m;
Buxoro viloyatida — 277 ming so‘m;
Samarqand viloyatida — 245,1 ming so‘m sarflagan.
Yanvar-may oylarida aholi jon boshiga nisbatan kamroq xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:

Qashqadaryo viloyatida — 120 ming so‘m;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 118 ming so‘m;
Surxondaryo viloyatida — 114 ming so‘m.

Bunday ma’lumotlar soliq organlarining ma’lumotlar bazasida nafaqat viloyatlar, balki har bir tuman va mahalla kesimida shakllanadi.

Fiskal cheklar ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, eng ko‘p mablag‘ quyidagi kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan dori vositalariga sarflangan:
yurak-qon tomir kasalliklari;
infeksion kasalliklar;
og‘riq qoldiruvchi vosita;
asab tizimi kasalliklari;
oshqozon-ichak kasalliklari;
nafas olish yo‘llari kasalliklari;
tayanch-harakat tizimi;
tomoq-burun kasalliklari;
jigar kasalliklari.

Dori vositalari majburiy raqamli markirovkalanishi lozim. Dori vositalari markirovkasining haqiqiyligini soliq mobil ilovasi orqali tekshirish mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!