O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar vaqtida pasport olmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar vaqtida pasport olmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekistonda propiska va pasport qoidalari bo‘yicha kutilayotgan o‘zgarishlarga izoh berdi.

Deputatga ko‘ra, birinchidan, «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning «Pasport tizimi qoidalarini buzish»ga bag‘ishlangan 223-moddasidan pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning fuqarolarning vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yishi bo‘yicha mavjud bo‘lgan javobgarlik olib tashlanmoqda.

Ikkinchidan, pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun mavjud bo‘lgan jarimalar miqdori kamaytirilmoqda. Ya’ni, bunday huquqbuzarlik uchun amalda eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdori 5 baravariga kamaytirilmoqda. Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa eng kam ish haqining 15 baravari miqdoridan 10 baravariga tushirilmoqda.

Uchinchidan, bugun pasport yoshiga to‘lgan bo‘lsa-da, biroq turli sabablar bilan o‘z vaqtida pasport ola olmayotgan yoshlar ko‘plab uchrab turibdi. O‘z vaqtida pasport olmaganlik uchun jarima choralari mavjud. Masalan, pasportini o‘z vaqtida olmagani uchun 2016 yilda 16 104 nafar, 2017 yilda 68 740 nafar voyaga yetmagan shaxs javobgarlikka tortilgan. Voyaga yetmagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy muxofaza qilish nuqtai nazaridan moddaning ushbu qismiga qo‘shimcha kiritilib, unda 18 yoshga to‘lmagan shaxs 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

To‘rtinchidan, Mehnat kodeksining 80-moddasida ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa uni ishga qabul qilish rad etilishi mumkinligi belgilangan bo‘lib, bu ayniqsa Toshkent shahri va viloyatida yoshlarning o‘zi hoxlagan ishga kirishida turli to‘siqlarni keltirib chiqarmoqda. Davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida ushbu talab bekor qilinmoqda.

Ya’ni Mehnat kodeksi 80-moddasidagi ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa ishga qabul qilish rad etilishi mumkinligi olib tashlanmoqda. Oddiy aytganda endi Toshkent shahri yoki boshqa hududda ishga kirayotgan shaxsning vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmasa ham ishga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yuqoridagi o‘zgarishlar qonun loyihasi sifatida deputatlar tomonidan qabul qilinib, senatga yuborilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!