O‘rmon ekoturizmiga sayyohlar nega qiziqmoqda?

O‘rmon ekoturizmiga sayyohlar nega qiziqmoqda?

TURIZM. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘iga joriy mavsumda qariyb 6 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Mamlakatimiz umumiy yer maydonining 25 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi o‘rmon yerlari yurtimizning boy, xilma-xil nabotot va hayvonot dunyosini asrash, shuningdek, atmosferamiz musaffoligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Boisi, mamlakatimiz o‘rmon fondining 300 dan ortiq o‘simlik va 180 dan ortiq hayvon turlari “Qizil kitob“ga kiritilgan bo‘lib, ularni asrab qolishda o‘rmonlarning o‘rni beqiyos. Shuningdek, 1 gektar o‘rmon yiliga havoni 60-70 tonnagacha chang va g‘ubordan tozalashini inobatga olsak, uning atrof-muhit muhofazasi va inson salomatligini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyatining nechog‘lik katta ekanini ko‘rish mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, o‘rmonlar ekologik muvozanatni bir me’yorda saqlab, atrofni uzluksiz toza havo bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, qum barxanlari ko‘chishi, suv va shamol eroziyasining oldini olib, daryo va boshqa suv o‘zanlari qirg‘oqlarini mustahkamlab turadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz o‘rmonchiligini yanada rivojlantirish, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga e’tibor kuchaytirildi. Pirovardida, sohada yangi yo‘nalish – ekologik turizm jadal taraqqiy eta boshladi. Buni O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Davlat qo‘riqxonalari, tabiat milliy bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi tizimidagi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i misolida ham ko‘rish mumkin.

Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari tog‘li hududlarida joylashgan bo‘lib, umumiy yer maydoni qariyb 575 ming gektarni tashkil etadi. Bog‘ning o‘ziga xos iqlimi, tog‘lari, adirlik va o‘rmonzorlari, muzliklari, katta-kichik jilg‘a, soy va daryolari, ko‘l va sharsharalari, bir so‘z bilan aytganda, go‘zal va betakror tabiati har qanday kishini o‘ziga rom etadi. Bog‘ hududida qirqbo‘g‘in, na’matak, rayhon, qizil do‘lana, kiyik o‘ti kabi ko‘plab dorivor giyohlar o‘sadi. O‘simliklarning 1 ming 800 ga yaqin, hayvon va parrandalarning 230 turi uchraydi. Shundan 70 dan ortiq o‘simlik va 40 ga yaqin jonivorlar “Qizil kitob“ga kiritilgan.

Bog‘ hududida malakali mutaxassislar tomonidan o‘rmonlarni barpo etish, qayta tiklash, muhofaza qilish va qo‘riqlash, ko‘chatchilik, daraxt va buta urug‘larini tayyorlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, dorivor o‘simliklarni parvarishlash, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan bir qatorda, ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, bog‘ning nabotot va hayvonot olamiga tashqi ta’sirlar bo‘lmasligi inobatga olingan holda, hudud bo‘ylab bir nechta sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqildi. Sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida mavsumiy chodirlar shaharchasi, soy bo‘ylarida maxsus supalar barpo etildi. Shuningdek, bog‘ ma’muriyati tomonidan milliy bog‘ hududidagi 6 ta tabiiy va 3 ta tarixiy ob’ekt ro‘yxati tuzilib, ushbu ob’ektlarga tabiat yodgorliklari maqomi berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘iga joriy mavsumda qariyb 6 ming sayyoh tashrif buyurgan. E’tiborli jihati, bog‘ hududi bo‘ylab ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani kelgusida sayyohlar oqimining oshishini ta’minlashi shubhasiz.   
Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!