Toshkentda vaksina olmagani uchun qancha odam ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi

Toshkentda vaksina olmagani uchun qancha odam ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi

Keyingi kunlarda Toshkent shahrida koronavirusga chalinish holati keskin ortib, bemorlar soni 5 ming 600 nafarga yetdi. Bugungi kunda bemorlarning 3 ming 297 nafari stasionar, 2 ming 216 nafari ambulator sharoitda davolanmoqda.

Stasionarda sharoitda davolanayotganlarning 2 ming 935 nafarining ahvoli qoniqarli, 229 nafari og‘ir, 133 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

Epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash va axborotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va tumanlarda hududiy shtablar tashkil etildi. Uyda davolanayotgan bemorlar va karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat va axborot berish uchun onlayn poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tumanlarda 157 ta mobil guruhlar faoliyati qayta tiklandi.

13 yanvardan tumanlarda tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan 12 ta ixtisoslashtirilgan maxsus kovid poliklinikalari ish boshladi.

17 yanvar kuni ishchi guruhlar tomonidan 305 ta tadbirkorlik sub’ekti va 203 ta byudjet tashkilotida tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada tadbirkorlik sub’ektlarining 359 nafar, byudjet tashkilotlarining 885 nafar xodimi vaksina olmagani aniqlandi.

Vaksina olmagan 1 ming 44 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlatildi, 200 nafariga jarimalar qo‘llanildi, 1 ta ob’ektning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Bundan tashqari, Milliy gvardiya tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 65 ta bozor, 31 ta istirohat bog‘i va xiyobonlar, 46 ta ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar, 22 ta stadion va sport majmualari, 6 ta yirik savdo markazi va 131 ta jome’ masjidida fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.

Mazkur chora-tadbirlar poytaxtimiz aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan bo‘lib, barcha fuqarolardan karantin talablari va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish so‘raladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!