Tekshiruvlarda 4 ta hududda kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Tekshiruvlarda 4 ta hududda kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi natijasida, bank mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘z vaqtida qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan ATB “Mikrokreditbank”ning viloyat mintaqaviy filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “N.K.” MCHJ rahbari A.U. va fuqaro U.O.lar MCHJga bank filialidan quyonchilik faoliyatini rivojlantirish uchun 1 mlrd so‘m kredit mablag‘i ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Oqdaryo tumanida tadbirkor va fuqarolarning murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro N.S. 4 ta MCHJ rahbarlari bilan o‘zaro til biriktirib, bank muassasasidan 12 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz 275,6 mln so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirishga erishib, ushbu kredit mablag‘ini belgilangan maqsadda foydalanmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Paxtakor tumanida TIF “Milliy bank”ning Jizzax viloyati Industrial filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Q.P.” va “O.A.” MCHJ rahbarlari o‘zaro til biriktirib, “Q.P.” MCHJga bank filialidan sport maydoni qurish uchun 350 mln so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit mablag‘ining 200 mln so‘mini “O.A.” MCHJga o‘tkazish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shuningdek, Andijon shahrida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB “Mikrokreditbank” viloyat mintaqaviy filiali sobiq yetakchi mutaxassisi A.YU. va boshqalar oldindan til biriktirib, tadbirkor O.S. va boshqalarga ajratilgan 90 mln so‘m imtiyozli kreditni “N.t.” MCHJga o‘tkazish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!