Sog‘liqni saqlash vaziri global muammo yechimini aytdi

Sog‘liqni saqlash vaziri global muammo yechimini aytdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri Salomatlik sari qadam kuni deya nomlandi. Bu haqda Xalq so‘zi ONLINE ga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Aholining sog‘lom turmush tarziga amal qilishini qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilgan mazkur tadbir yurtimizdagi barcha tuman va shaharlardagi istirohat bog‘larida o‘tkazildi. Musobaqalarda hududda joylashgan barcha tibbiyot muassasasi, mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona va tashkilotlardan kelgan jamoalar ishtirok etishdi. Ushbu kunning bayramona kayfiyatda o‘tishida tibbiyot sohasining ko‘zga ko‘ringan, tajribali shifokor olimlari bilan birgalikda tegishli hokimliklarning madaniyat bo‘limlari, san’at saroylari vakillari, o‘sha hududda yashovchi fan, madaniyat, san’at arboblari, sport namoyondalari, xalq orasida obro‘-e’tiborga ega fuqarolar ham munosib hissa qo‘shishdi.

Jumladan, poytaxtimizdagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekobog‘da jam bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometrga yurishi bilan Salomatlik sari qadam kuniga start berildi. Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, to‘siqlardan o‘tish estafetasi hamda halqa aylantirish sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish, avvalo, salomatlik garovi. Shuningdek, mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, bo‘g‘imlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik hamda qobiliyat ortadi. Bundan tashqari, yuqori yelka kamari, oyoq-qo‘llar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma a’zolari va tizimlari ishi rag‘batlantiriladi.

Bugungi kunda insonlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Kamharakatli hayot tarzi shu tariqa davom etsa, kelgusida bemorlar tibbiyot tizimidagi barcha stasionar shifoxonalarga ham sig‘may qolishi mumkin. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning o‘zi uchun ham jiddiy tashvishdir, deydi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. Shu bois sog‘lom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga yechim bo‘ladi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni davolashga emas, avvalo, uning profilaktikasiga e’tibor qaratishni muhim vazifa sifatida qo‘yayotganining boisi ham shunda. Shuning uchun vazirligimiz mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratib, bu borada ommaviy tadbirlarni muntazam o‘tkazib kelmoqda. Bu esa aholining jismoniy faollikka bo‘lgan qiziqishini oshirib, o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishida muhim o‘rin tutyapti.

Bugungi tadbirni ham bejiz yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini me’yorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomg‘irli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, o‘zingizni baxtli his etasiz, tushkunlikni yengasiz.

Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi bo‘yicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan Salomatlik maydonchalari tashkil qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan Sog‘lom turmush tarzi asoslari , Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari , Jismoniy faollikning inson organizmiga ta’siri mavzularida suhbatlar tashkil etilgani aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan uyushtirilgan ushbu ommaviy tadbir yurtimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, kelgusi shanba, 30 mart kuni vazirlik tomonidan mamlakatimiz hududlarida Velosipedda sayr kuni bo‘lib o‘tadi.

Manba: xs. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!