Shvesiya kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga intilmoqda​

Shvesiya kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga intilmoqda​
Toshkent shahrida 13 fevral kuni O‘zbekiston Shvesiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi va Business Sweden Shvesiya savdo va investisiyalar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, geologiya va mineral resurslar, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, energetika kabi sohalari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev, Business Sweden savdo va investisiyalar kengashining Yevroosiyo bo‘yicha direktori Andreas Giallourakis O‘zbekiston bilan Shvesiya o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari oshib borayotganini ta’kidladi.
Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Shvesiya biznes-forumi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, deydi Shvesiya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ingrid Tersman. Forumda ishtirok etayotgan Shvesiyaning o‘nga yaqin yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonga tog‘-kon sanoati, transport, energetika, axborot-kommunikasiya kabi sohalar bo‘yicha o‘z xizmat va mahsulotlarini taqdim etish istagida.
Biznes-forumda O‘zbekiston bilan Shvesiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistonning geologiya va mineral resurslar, energetika, transport infratuzilmalari, savdo-sanoat, ta’lim sohalari bo‘yicha imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Shvesiyaning ADB Safegate , Scania , Ericsson , Alfa Laval Potok , Sandvik , EF Education First kabi kompaniyalari taqdimotlar o‘tkazdi.
Kompaniyamiz avtobuslar, tog‘-kon sanoatiga mo‘ljallangan yuk avtomobillari ishlab chiqaradi, deydi Scania kompaniyasi vakili Artur Shafran. 2012 yildan buyon Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlik qilamiz. Niyatimiz ana shunday hamkorlarni ko‘paytirish.
Forum doirasida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va Shvesiyaning EF Education First kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida G2B va B2B formatli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!