«Shovotlandiya»dagi yong‘inda halok bo‘lganlarning uch nafari ayol bo‘lgani ma’lum qilindi

«Shovotlandiya»dagi yong‘inda halok bo‘lganlarning uch nafari ayol bo‘lgani ma’lum qilindi

Toshkent shahar prokuraturasining ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning eng kichigi 19, eng kattasi 22 yoshda bo‘lgan. Marhumlarning uch nafari ayol, ikki nafari esa erkaklardir.

Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan «Shovotlandiya» kafesida ro‘y bergan yong‘inda halok bo‘lganlarning shaxsiga oydinlik kiritdi. Qayd etilishicha, yong‘inda 1999 yilda tug‘ilgan M.B. (ayol), 1998 yilda tug‘ilgan J.J. (erkak), 1998 yilda tug‘ilgan X.X. (erkak), 1996 yilda tug‘ilgan SH.A. (ayol) va 1961 yilda tug‘ilgan B.A. (ayol) halok bo‘lgan.

Hozircha marhumlarning qarindoshlar aloqalari haqida ma’lumotlar yo‘q.

27 fevral kuni tunda «Shovotlandiya» kafesida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida besh kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Tezkor tergov harakatlari natijasida yong‘in qasddan sodir etilgani aniqlangan. 28 fevral kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi, muqaddam uch marta sudlangan shaxs ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanib ushlangan.

Toshkent shahar prokuraturasining ma’lum qilishicha, ayni paytda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi «b, v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!