Shaxmat: Abdusattorov, Sindorov, Yoqubboyev “Qatar Masters Open”ning kuchlilari safida

Shaxmat: Abdusattorov, Sindorov, Yoqubboyev “Qatar Masters Open”ning kuchlilari safida

Dohada o‘tkazilayotgan “Qatar Masters Open” xalqaro turnirining beshinchi turida mamlakatimiz shaxmatchilari ishonchli o‘yin namoyish etdi.

Kecha o‘tkazilgan musobaqalarda iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindorov Amerika sharafini himoya qilayotgan grossmeyster Hikaru Nakamura bilan ro‘baro‘ keldi. Shiddatli o‘tgan bahsda tomonlar murosa yo‘lini tanladi. Ushbu natija Sindorovning umumiy ochkolari sonini 4 taga yetkazishini ta’minladi.

Terma jamoamizning yetakchi shaxmatchisi Abdusattorov 5-turda hindistonlik Kartik Venkataramanni dog‘da qoldirgan bo‘lsa, yoshlarimizdan Humoyun Begmuratov oq donalarda Janubiy Koreya vakili Kvon Sexyunni, Olmos Rahmatullayev qora donalarda hindistonlik Aayush Bhattacherjini mag‘lubiyatga uchratdi.

Shu tarzda hamyurtlarimizdan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev 4 ochkoga, Jahongir Vohidov 3.5, Shamsiddin Vohidov 3, Abdumalik Abdusalimov, Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, Saidakbar Saydaliyev, Muhammadali Abdurahmonov 2.5, Bobur Sattorov va Bahrom Bahrullayev 2 ochkoga ega bo‘lgan holda “Qatar Masters Open” turniridagi ishtirokini davom ettirmoqda.

Aytish lozim, ortda qolgan 5-turdan keyin hindistonlik Narayanan 4.5 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, 13 nafar shaxmatchi 4 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

31 davlatning 158 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan “Qatar Masters Open” xalqaro turnirida 17 nafar ishtirokchi 1 ochko qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 3 nafari hali hamon biron bir ochkoga ega bo‘la olmadi.

Bugun, 16 oktyabr kuni o‘tkaziladigan 6-tur o‘yinlarida hamyurtlarimizdan Nodirbek Abdusattorov musobaqa yetakchisi Narayanan bilan oq donalarda kuch sinashsa, Sindorov qora donalarda hindistonlik Aditya Mittal bilan, Jahongir Vohidov yana bir Hind vakili Pranesh bilan, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda qozog‘istonlik Renat Jumaboyev bilan bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, 21 oktyabrgacha davom etadigan xalqaro turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 108 ming 250 AQSh dollaridan iborat etib belgilangan. Unda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 25 ming, 2-o‘rin sohibi 15 ming va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 10 ming AQSh dollari bilan taqdirlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!