Shavkat Mirziyoyev kelgusi 5 yilda O‘zbekistonni nimalar kutayotganini aytdi

Shavkat Mirziyoyev kelgusi 5 yilda O‘zbekistonni nimalar kutayotganini aytdi

Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi – Yangi O‘zbekiston strategiyasining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev kelgusidagi asosiy maqsadlarni bayon etdi:

Mavjud zaxira va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi.

Shu tariqa 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishga puxta zamin yaratgan bo‘lamiz.

Albatta, bu oson vazifa emas. Bunga erishish uchun, avvalo, iqtisodiyotda ilm va innovasiyalarga asoslangan rivojlanish hisobidan yangi texnologiyalar va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini ko‘paytirish orqali mehnat samaradorligida tub o‘zgarishlar qilishimiz shart.

Shavkat Mirziyoyev taqdim etayotgan Yangi O‘zbekiston strategiyasiga ko‘ra, kelgusi besh yilda:

- sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi;

- mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 martaga oshadi va 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga
asos yaratiladi;

- tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi;

- raqamli iqtisodiyotning hajmi kamida 2,5 barobarga oshirilib, 4 milliard dollarga yetkaziladi;

- har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinadi;

- xalqaro magistral internet tezligi – 5 barobarga, tumanlararo tarmoqlar tezligi – 8 barobarga oshiriladi.

Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi - Shavkat Mirziyoyev.

- 2023 yil oxirigacha inflyasiya darajasi 5 foizga tushiriladi. Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta’minlanadi.

Bevosita aholining talablari asosida yiliga 1,5 – 2 trillion so‘m mablag‘ joylardagi eng dolzarb muammolarni hal etishga sarflanadi.

Yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 milliard dollardan, umumiy davlat qarzi esa yalpi ichki mahsulotning 50-60 foizidan oshmasligi ta’minlanadi.

Kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, shundan kamida 70 milliard dollar xorijiy investisiyalar jalb qilinadi.

Mamlakatimizning eksport salohiyati 1,7 barobar oshirilib, 2026 yilda 30 milliard dollarga yetkaziladi.

Eksport tarkibida xomashyoning ulushi hozirgi 46 foizdan 23 foizga kamayib, tayyor mahsulotlar hajmi 2,5 barobar ko‘payadi.

Shavkat Mirziyoyev davlat korxonalarining transformasiyasi hamda xususiylashtirish jarayonlari yanada tezlashtirilishini ta’kidladi.

"Bundan buyon, samarasiz korxonalar davlatdan qo‘shimcha yordam olmasdan, xususiy sektor kabi “o‘z aravasini o‘zi tortishi” shart".

Bunda, mashinasozlik, kimyo, neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya, transport kabi tarmoqlardagi 23 ta yirik korxona xalqaro kredit reytinglarini olish orqali ichki va tashqi moliyaviy bozorlarga mustaqil chiqib, investisiya loyihalari uchun o‘zi mablag‘ jalb qilishi talab etiladi.

Shuningdek, energiya resurslari bozori erkinlashtirilib, sohaga xususiy investisiyalar keng jalb qilinadi.

Natijada, 2026 yilga borib, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi yiliga qo‘shimcha 30 milliard kilovatt-soatga oshiriladi va jami 100 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.

Kelgusi yilda tabiiy gaz bo‘yicha ham erkin bozor tamoyillarini joriy etish jarayonlari boshlanadi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini erkinlashtirish bilan birga, ehtiyojmand aholimizni himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalari kiritiladi.

Shu bilan birga, bank tizimini transformasiya qilish orqali, xususiy banklarning ulush jami bank aktivlarining 60 foiziga yetkaziladi.

"Yashil iqtisodiyot"ni joriy qilish borasida kelgusi besh yilda:

- quvvati 5 ming megavattdan ortiq bo‘lgan shamol, quyosh va gidro elektr stansiyalar ishga tushiriladi. Natijada, yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

- elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha, alohida dastur qabul qilinadi.

- kelgusi yilning o‘zida Toshkent shahri jamoat transportida 320 ta elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

- “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi.

- iqtisodiyotning energiya samaradorligi 20 foizga oshadi, atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar hajmi 10 foizga qisqaradi.

Shavkat Mirziyoyev 2026 yil yakunigacha kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish uchun qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida:

Tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Biznes sohasiga imkoniyatlarni kengaytirish, soliq turlari va uning yukini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

2020 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirgan edik. Endi, zarur tayyorgarlik ishlarini ko‘rgan holda 2023 yildan boshlab ushbu soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushiramiz.

Kelgusi yili korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi.

Yana bir yangilik – 2023 yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona ko‘chmas mulk solig‘i joriy qilinadi.

Hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikasiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi har xil bo‘lib, ular amaldagi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil bo‘ladi.

Tuman va shaharlardagi mavjud bir nechta tadbirkorlikka ko‘maklashadigan tuzilmalar negizida Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!