Redmi 6 Pro taqdim etildi – Xiaomi’ning «o‘yiq»li ekranga ega ilk hamyonbop smartfoni!

Redmi 6 Pro taqdim etildi – Xiaomi’ning «o‘yiq»li ekranga ega ilk hamyonbop smartfoni!

Xiaomi kompaniyasining Redmi 6 Pro smartfoni rasman taqdim etilib, u haqdagi ma’lumotlar kompaniya saytiga ham joylandi. Mazkur model haqida shu paytgacha mish-mish tarzida tarqalib kelgan insayderlar ma’lumotlari o‘z tasdig‘ini topdi.

Bir jihatni ta’kidlash o‘rinli – Xiaomi ilk bor o‘zining hamyonbop – Redmi turkumidagi smartfonga «kemtik»li ekran o‘rnatdi. Redmi 6 Pro displeyining o‘lchami diagonaliga 5,84 dyuymni tashkil etadi, tasvir aniqligi esa 2280x1080 pikselga teng.

Yangi smartfonning ishlash samaradorligini Snapdragon 625 prosessori hamda modifikasiyasiga ko‘ra 3 yoki 4 gigabaytlik tezkor xotira ta’minlab beradi. Qurilmaning doimiy xotirasi esa 32 va 64 gigabaytlik talqinlarda chiqarilmoqda. Redmi 6 Pro xotirasini MicroSD-karta yordamida yana 256 gigabaytgacha oshirish imkoni bor; quvonarli jihati – u ikkita SIM-kartadan biri o‘rniga emas, balki ular yonidagi alohida uyachaga joylanadi.

«Xitoycha Apple» ushbu devaysining orqa panelini kupertinoliklarning superflagmani dizaynida ishlagan, faqat barmoq izi skaneri bilan farqlanadi. Orqa qopqoqning yuqori chap burchagidagi qo‘shaloq kamera ob’ektivlari xuddi iPhone X modelidagi singari tikka joylashgan, ular orasiga chaqnoq qo‘ndirilgan. «Sun’iy idrok»ka ega bosh kamera modullari 12 va 5 megapikselli bo‘lib, u tungi rejim hamda orqa foni xiralashtirilgan portret rejimini qo‘llab-quvvatlaydi.

Selfilar uchun ekran tepasiga qo‘ndirilgan 5 megapikselli kamera esa foydalanuvchi yuzini tanish funksiyasi bilan boyitilgan.

Xiaomi Redmi 6 Pro korpusining o‘lchamlari 149,3,x71,7x8,75 millimetrni, vazni esa 178 grammni tashkil etadi. 4000 mA/soatlik akkumulyatori uni tok bilan ta’minlab turadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo‘lsak, yangi smartfon ham Redmi 5 Plus modeliga o‘xshab ketishini anglash uncha qiyin emas. Farqi esa piksellar sig‘imi zichroq bo‘lgan displeydagi «o‘yiq»da, shuningdek, kameraning qo‘sh modulida yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Redmi 6 Pro smartfoni qizil, pushti, tillarang, moviy va qora tusli korpuslarda savdoga chiqariladi. Xiaomi o‘z an’analariga sodiq qolgan holda, tezkor/doimiy xotira hajmidan kelib chiqib, Redmi 6 Pro smartfoniga hamyonbop narxlar belgilagan. Devaysning 3/32 GB hajmli xotiraga ega talqini 155 dollar, 4/32 gigabaytligi 185 dollar, 4/64 gigabaytligi esa 200 dollardan sotuvga chiqariladi.

Ushbu smartfonning Xitoydagi savdosi 2018 yilning 26 iyunidan boshlanishi aytilayotir, O‘zbekiston bozoriga yetib kelishi bilan xabar qilamiz. Xiaomi’ning oldingi bir qator modellarga mansub smartfonlari esa allaqachon o‘zimizda ham bir yillik kafolat bilan sotuvga qo‘yilgan.

Manba: terabayt.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!