Qurilish vazirligiga shaharlar bosh rejalari ishlab chiqilishiga doir vakolatlar berilmoqda

Qurilish vazirligiga shaharlar bosh rejalari ishlab chiqilishiga doir vakolatlar berilmoqda

Shaharlar va shaharlar atroflarining bosh rejalarini ishlab chiqish bugungi kundagi eng muhim masalalardan biridir. Shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish esa ko‘p vaqt talab etadi.

Investisiya loyihalarini amalga oshirishni to‘xtatib turish imkoniyati yo‘qligi bois shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish talab etilmoqda. Shundan kelib chiqib, Qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi va loyiha tashkilotiga loyihalash topshirig‘ini berish vakolatini taqdim etish nazarda tutilmoqda.

Ushbu yangiliklarni o‘zida aks etgan «Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilindi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan Shaharsozlik kodeksiga O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari kabi shaharsozlik hujjatlarining yangi turlari kiritilmoqda. Bosh tarhni va hududiy tarhlarni tasdiqlash hamda muntazam ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar, O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhida aholini va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish tizimini davlat tomonidan tartibga solish asoslari belgilanmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi bo‘yicha deputatlar amaldagi me’yoriy hujjatlardan kelib chiqib, ayrim savollarni o‘rtaga tashladi. Xususan, fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov loyihada O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish ko‘zda tutilayotgani, amaldagi qonunchilikka ko‘ra esa aholini joylashtirish bosh tarhini ishlab chiqish nazarda tutilganini qayd etdi. Shuningdek, deputat hududlarni rivojlantirishda bir qancha tushunchalar borligiga to‘xtalib, ularni aniqlashtirish zarurligini aytib o‘tdi.

Bunga javoban mas’ullarning ma’lum qilishicha, taklif etilayotgan norma umumiy qoida sifatida kiritilyapti. Ya’ni, hududni rivojlantirishni rejalashtirish nazarda tutilgan. Qaysidir hududga ijtimoiy ob’ektlar joylashishi, boshqa bir hududga tadbirkorlik zonalarini tashkil etish bilan bog‘liq umumiy qoidalarni belgilashga qaratilgan me’yor hisoblanadi. Ushbu modda orqali qayerga tadbirkorlik sub’ekti kerak, qaysi joyda maktab va bog‘chaga ehtiyoj borligidan kelib chiqib, hududni rivojlantirish rejasi tasdiqlanadi.

Fraksiyalar tomonidan qizg‘in muhokama qilingan ushbu qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, bir qator takliflar bildirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!