Qozog‘istonda yangi karantin choralari: 26 oktyabrdan xorijiy aviareyslar soni kamaytiriladi

Qozog‘istonda yangi karantin choralari:  26 oktyabrdan xorijiy aviareyslar soni kamaytiriladi

Qozog‘istonda karantin cheklovlarini kuchaytirish bo‘yicha bir qator yangi qarorlar qabul qilindi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 19 oktyabr kuni Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin raisligida koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Hukumat rahbarining qayd etishicha, mamlakat aholisi koronavirus xavfiga qarshi yetarlicha hushyorlik ko‘rsatmayapti, ijtimoiy masofaga va sanitariya talablariga, ayniqsa, jamoat joylarida va transportda niqob taqish qoidalariga rioya qilinmayapti. Asqar Mamin aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish va sanitariya talablariga rioya qilish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Idoralararo komissiya qaroriga asosan bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, chegara punktlarida sanitariya-epidemiologiya nazorati kuchaytiriladi. 26 oktyabrdan boshlab xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatga bog‘liq ravishda xorijiy aviareyslar soni kamaytiriladi. Qozog‘istonga kelayotgan barcha fuqarolar, shu jumladan, Qozog‘iston fuqarolari ham majburiy tartibda PZR testi topshirishi kerak. Test topshirganlik haqidagi ma’lumotnoma 3 kun davomida amal qiladi. Shuningdek, 19 oktyabrdan hududiy laboratoriyalarda PZR testining narxi arzonlashtirildi.

Shu bilan birga, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda 24 oktyabrdan boshlab shanba kunlari savdo-ko‘ngilochar markazlari, savdo uylari va yopiq bozorlarning ishi qayta tiklanadi. 26 oktyabrdan kinoteatrlar tomoshabinlar sig‘imi 30 foizdan oshmagan holda ish boshlaydi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari, bilyard va kompyuter klublari, ko‘ngilochar muassasalar, banket zallari, tungi klublar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar saqlab qolinadi. Viloyatlararo yo‘lovchi tashishga va umumiy vagonlardan foydalanishga qo‘yilgan taqiqlar ham o‘z kuchida qoladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!