Qozog‘istonda maktab o‘quvchilari orasida koronavirusga chalinish keskin oshdi

Qozog‘istonda maktab o‘quvchilari orasida koronavirusga chalinish keskin oshdi

Qozog‘istonda maktab o‘quvchilari orasida koronavirusga chalinish darajasi mart oyida 5 foizga oshgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitar-epidemiologik nazorat qo‘mitasi raisi Ayjan Yesmagambetova ma’lum qildi, deb yozadi Tengrinews.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 yanvardan buyon 18 yoshgacha bo‘lgan jami 12 862 nafar bola COVID-19 bilan kasallangan.

«Mart oyida biz kasallanishning 5 foizga oshganini ko‘ryapmiz. Kasallanishning o‘sishi maktab o‘quvchilari orasida kuzatilmoqda. Umuman olganda, bu kutilayotgan edi, chunki 1 martdan 1—4, 9—11 va boshqa sinflarga ham o‘qish uchun ruxsat berdik», — dedi u, shu bilan birga, maktablarda sanitar-epidemiologik talablarga rioya qilinishi ustidan nazorat olib borilayotganini qo‘shimcha qilar ekan.

Esmagambetovaning so‘zlariga ko‘ra, bolalar orasida kasallanish darajasining oshishi «xorijiy» shtammlarning yoshlar uchun kattaroq xavf tug‘dirishi bilan bog‘liqdir.

«Shunga e’tiboringizni qaratmoqchimanki, tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ‘britancha’ shtamm, afsuski, yoshlarga nisbatan tajovuzkorroq. Ya’ni yoshlar oddiy koronavirusga nisbatan, bunga chalinishga ko‘proq moyildir», — deya qo‘shimcha qildi u.

30 mart holatiga, Qozog‘istonda bir kecha-kunduzda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 1663 ta yangi holat qayd etildi. Bundan avvalgi kun 1445 ta holat aniqlangan edi. Eng ko‘p kasallanganlar Olmaota (526 kishi), Nur-Sulton (356) va Almati viloyati (191)da qayd etildi. Mamlakatda COVID-19’ni yuqtirganlarning jami soni 244 981 kishiga yetdi.

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ortgani sababli 30 martdan yangi karantin cheklovlari amal qilishni boshladi. Boshqa chora-tadbirlar bilan bir qatorda, poytaxtdagi maktab bitiruvchilaridan tashqari boshqa o‘quvchilar va oliy o‘quv yurtlari talabalari masofaviy ta’limga o‘tkazildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!