QORAQALPOG‘ISTONDA ILK BOR KOXLEAR IMPLANTASIYa OPERASIYASI O‘TKAZILDI

QORAQALPOG‘ISTONDA ILK BOR KOXLEAR IMPLANTASIYa OPERASIYASI O‘TKAZILDI

Bugun Nukus shahridagi U. Xolmuradov nomli Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Qoraqalpog‘iston tibbiyoti tarixida birinchi marta eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalarda koxlear implantasiya operasiyasi o‘tkazildi.

Mazkur yuqori texnologik opreasiya Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tajribali shifokori A. Omonov, audiolog M. Mahmudov, anesteziolog H.Moyliyev, hamshira N. Abigosomonyan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori J. Bekeev, anesteziolog G. Xalmuratovalar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Jarrohlik amaliyoti orqali o‘tgan yil Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tashxis qo‘yilib, operasiya qilishga tavsiya etilgan 2017 yil Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilgan S. Saburova hamda 2019 yil Xo‘jayli tumanida tug‘ilgan E. Esayevga koxlear implantant qo‘yildi.

Hozirda har ikkala bolaning ham ahvoli yaxshi va ular shifokorlar tomonidan tibbiy nazoratga olingan.

Toshkent pediatriya tibbiyot institutida o‘qib yurgan kezlarim, mana shunday murakkab operasiyalar Nukusda ham o‘tkazilishini orzu qilardim, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Jengis BEKEEV. — Quvonarlisi, bugun nafaqat ushbu orzuim ushaldi, balki bunday yuqori texnologik jarrohlik amaliyotida shifokor sifatida ishtirok etdim. Bu esa menga o‘zgacha faxr baxsh etdi. Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida malaka oshirib qaytganim yanada qo‘l keldi. Albatta, olis hududlarda bu kabi operasiyalarning yo‘lga qo‘yilishi yurtimizda tibbiyot sohasi jadal rivojlanayotganidan darak beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2014–2021 yillarda respublikamizda 1100 nafardan ortiq eshitishda nuqsoni bo‘lgan va kar bolalarda koxlear implantasiya operasiyalari muvaffaqiyatli bajarildi.

Jumladan, “Neyrosensor kar yoki zaif eshitadigan bolalarda koxlear implantatlardan foydalangan holda operasiyalar o‘tkazish” bo‘yicha:

🔹2016 yilda 150 nafar;

🔹2018 yilda 239 nafar;

🔹2019 yil 320 nafar;

🔹2020 yilda esa 225 nafar zaif eshituvchi bemor bolalarda jarrohlik operasiyalari o‘tkazilib, so‘nggi 5 yil ichida koxlear implantasiya dasturini moliyalashtirish ko‘rsatkichi 3 barobarga oshdi.

E’tiborlisi, 2021-2022 yillarda koxlear implantasiya operasiyalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari, Samarqand, Andijon va Buxoro viloyatlarida ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Keyingi yillarda esa bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari butun respublika bo‘ylab yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada bemorlarning uzoq yo‘l bosib, poytaxtga kelishlariga hojat qolmaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, koxlear implant – quloq ichiga o‘rnatiladigan moslama bo‘lib, u tashqi mikrofondan olingan tovushlarni kuchaytirib, to‘g‘ridan to‘g‘ri insonning eshitish nervlariga elektron impuls shaklida yetkazib beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!