Qayerda va qachon duo qilish kerak?

Qayerda va qachon duo qilish kerak?

Alloh taolo Qur’onda duo qilish odobidan ta’lim bergan oyatlarga ko‘ra mo‘min Alloh uni ko‘rib, eshitib turganini his qilib Unga umid va qo‘rquv bilan duo qiladi. Qur’onda duo qilish uchun ma’lum vaqt belgilanmagan. Kishining Allohga yuzlanib iltijo qilishi bu ibodat vaqti –soati kelganini ko‘rsatadi. Odam bolasining istak va ehtiyojlari ko‘pligi bois duosi ham ko‘p bo‘ladi. Shu sababli duoning ma’lum vaqti tayin qilinmagan. Odam qachon duoga ehtiyoj sezsa o‘sha vaqtdayoq duo qilishi mumkin. 

Faqat Qur’onda fazilatli vaqtlar ba’zi oyatlarda qisqacha aytib o‘tilgan:
"(Taqvodorlar) sabr qiluvchilar, sodiqlar, doimiy toat qiluvchilar, nafaqa qiluvchilar va saharlarda istig‘for aytuvchilardir". (Oli Imron surasi, 17-oyat).

"Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar". (Zaariyat surasi,18-oyat).

Boshqa oyatlarda esa tungi vaqtni boshqa vaqtlarga nisbatan ibodat uchun ma’qul vaqtligi aytilgan: "Albatta, kechki ibodat ko‘proq muvofiq kelur va qiroati to‘g‘riroq bo‘lur. Albatta, kunduzi sening uzoq ishlashing bor. Va Robbingning ismini zikr et va Uning ibodatiga butunlay ajralib chiq". (Muzzammil surasi, 6-8-oyatlar).

Duo uchun ma’lum vaqt tayin qilinmagan bo‘lsa-da, yuqoridagi oyatlarda sahar va tunggi vaqtga alohida e’tibor qaratilgan. Albatta, buning o‘ziga yarasha hikmatlari bor. Yangi kunni Alloh bilan samimiy aloqa bog‘lab, duo bilan kutib olgan mo‘minning kun davomida Uni norozi qiladigan amallarga yaqinlashish ehtimoli kamayadi. Kunni duo, ibodat, istig‘for bilan qarshilagan odam kun davomida Alloh uni kuzatib turganini his qilib shunga yarasha harakat qiladi.

Qur’onda maqtalgan tunggi vaqt esa dunyoviy ishlar orqasidan yelib kunini o‘tkazgan kimsalarning o‘z vijdonini hisobga tortish uchun juda qulay fursatdir. Tunggi vaqt kun davomida bo‘lib o‘tgan voqealardan o‘ziga yarasha hikmat izlash, tafakkur etish, Allohga shukr qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Tunda ibodat uchun vaqt ajratgan odam kun davomida qilgan xatoyu gunohlari uchun tavba qilib, mag‘firat so‘rashi bilan birga navbatdagi kunda xato va gunohlarni nisbatan kamroq sodir qilishi uchun ajoyib imkon hozirlagan bo‘ladi.

Duo qilish uchun Qur’onda bayon qilingan ma’lum makon ham yo‘q. Odam bozorda, maktabda, ish joyida qisqasi hamma yerda duo qilishi mumkin. Duo vaqtida eng muhimi Alloh unga jon tomirlaridan ham yaqin ekanligini unutmaslikdir.

Qur’onda Payg‘ambarlar har yerda har on duo qilganligi shunday bayon qilingan:
"(Muso) bas, ikkovlariga (hayvonlarini) sug‘orib berdi. So‘ngra soyaga qaytdi va: "Ey Robbim, albatta, menga tushirajaging har bir yaxshilikka muhtojman", dedi".
(Qosos surasi, 24-oyat).

"Qur’oni karimga ko‘ra duo" kitobidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!