Qachon Djabbarov emas, Jabborov bo‘lamiz?

Qachon Djabbarov emas, Jabborov bo‘lamiz?

Har doimgidek biron sana yoki muhim qarorlar qabul qilinganida o‘sha mavzu haqida uch-to‘rt kuni siyqasi chiqqanicha gapirib, keyin jim bo‘lib ketadigan odatimiz bor. Xususan, yakunlanayotgan oyda Adliya vazirligining davlat tilida ish yuritmagan mansabdorni javobgarlikka tortish haqidagi taklifi, uning ortidan rossiyalik mansabdor xonimning bayonotiga bildirilgan munosabatlar ijtimoiy tarmoqlarni bir yondirdi-yu, o‘chdi.

Aslida, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad aytganlaridek, davlat tili haqida har kuni va hamma gapirishi kerak. Chunki Ona tilimiz mavqeini oshirish bilan bog‘liq qilishimiz lozim bo‘lgan ishlar shunchalik ko‘pki, bu bilan har kuni, har soatda shug‘ullanmasak yana 30 yilda ham tilimizni to‘g‘rilay olmaymiz.

Ish jarayonimda til bilan bog‘liq juda ko‘p muammolarga duch kelaman. Misol uchun, aholi murojaatlari bilan tanishayotganimda noto‘g‘ri yozilgan ism-shariflarni o‘qib, fuqaroga “to‘g‘ri yozsangiz bo‘lmaydimi” desam, “aka, pasportimda shunday yozilgan” deydi.    

Ma’lumki, sovet mafkurasining ta’sirimi yoki chalasavodlikdanmi, ko‘pchilikning ism-familiyasi noto‘g‘ri yozilavergan. Hatto buni o‘zgartirishning iloji ham bo‘lmagan. Lekin mustaqil yashayotganimizga yaqinda 30 yil bo‘ladi. Ammo hamon bu kasallikdan qutulganimizcha yo‘q. Yuldashev, Saberxodjayev, Djabbarov, Tuxtaxodjayev, Salimsakov,  Bakiyev, Djumaboyev, Gaparov... Bunday familiyalarga ko‘zimiz ham, o‘zimiz ham o‘rganib qolganmiz.

Ba’zan kimdir ismimizni noto‘g‘ri aytsa, haqoratdek qabul qilib jahlimiz chiqadi. Lekin otamiz yoki bobomiz ismi bilan aytiladigan familiyamizni noto‘g‘ri yozsa, noto‘g‘ri talaffuz qilsa ham parvoyi-palakmiz. Hatto dunyodan o‘tgan yaqinlarimizning qabrtoshiga bitilgan yozuvlar ham pasporti bo‘yicha yozilishi shart deya, marhumning ismi yoki familiyasini ham noto‘g‘ri yozyapmiz!

“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganiga 30 yildan oshdi. Endi o‘z ismimizni, otamizning ismi yoki familiyasini to‘g‘ri yozishimizga kim xalaqit beryapti, hech qanday to‘siq ham yo‘q! Xo‘p, bir paytlar noto‘g‘ri yozilgan ekan, hozir uni to‘g‘rilashning iloji bor-ku! Yoki o‘zimizning, ajdodlarimizning nomiga shunchalik befarqmizmi?! 

Oila kodeksining 69-moddasida agarda familiyani yozishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, bu bo‘yicha tegishli idoraga murojaat qilish mumkinligi yozilgan. Jumladan, Fuqarolik haqida dalolatnoma yozish (FHDYo) organiga bu haqda murojaat qilinsa, tegishli tekshiruvlardan so‘ng Djabbarov familiyamiz bir pastda Jabborovga o‘zgaradi. Ammo buning uchun o‘zimizda bir oz xohish, hafsala bo‘lishi kerak. Chunki rasmiy hujjatlarda ism-familiyasi noto‘g‘ri yozilganlarning 80 foizi hujjatiga o‘zgartirish kiritishni ortiqcha tashvish deb hisoblar ekan. Lekin “ortiqcha tashvish” ortida otamiz yoki bobomizning sha’ni, hurmati turganini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. 

Axir bu padari buzrukvorimiz, bobolarimizga hurmatsizlik, ochiqchasiga haqorat qilish emasmi? Axir bu milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimizga ham to‘g‘ri kelmaydi-ku! Balki, bundan o‘tgan ajdodlarimizning ruhi bezovta bo‘layotgandir. Sizni bilamadim-u, lekin men buni shunday qabul qilaman.

Ko‘p va xo‘p aytilgan bu mavzu haqida yozmoqchi emas edim. Lekin yana yozsak, yozaversak, ayrim vatandoshlarimiz insofga kelib qolarmikan deyman-da! 

Jahongir ZIYAYEV, O‘zMTDP deputati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!