Payg‘ambarimiz (s. a. v) haqida yolg‘on to‘qigan odamga qanday jazo bor?

Payg‘ambarimiz (s. a. v) haqida yolg‘on to‘qigan odamga qanday jazo bor?

Usayd ibn Abu Usayddan, u onasidan rivoyat qilinadi:

«Abu Qatodaga:

«Senga nima bo‘lgan o‘zi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytgan odamlarga o‘xshab hadis aytmaysan?» dedim.

Abu Qatoda:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim menga nisbatan yolg‘on to‘qisa, o‘zining yonboshi uchun do‘zaxdan yonboshlaydigan joyning oson bo‘lganini bilaversin», deganlarini eshitdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shuni ayta turib, yerni qo‘llari bilan siladilar», dedi». 

Buxoriy rivoyat qilgan.

Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytmagan narsani «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar», deb gapirgan odam o‘ziga do‘zaxdan joy tayyorlab qo‘ygan bo‘lar ekan. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan gapirilgan har bir so‘z jiddiy dalil, hujjat bo‘ladi, iymon-e’tiqodga, shariatga, amalga, ibodatga, halol-haromga aniqlik kiritadi.

Shu ma’noda nihoyatda ehtiyot bo‘lish zarur bo‘ladi. Faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sobit bo‘lganligi haqiqat sifatida yuzaga chiqqan hadislarnigina ularning roviylarini, ularni to‘plagan imomlarning ismlarini aytib, hadis ekanligini isbot qilib gapirish mumkin.

Bilib-bilmay, o‘z fikrini qo‘llab-quvvatlash uchun, kimlargadir yaxshi ko‘rinish uchun, biror maqsadga erishish uchun yo‘q narsani hadis deb gapirgan kishilar do‘zaxiy bo‘lishlari aniq ekan.

Bu qoidani juda yaxshi yodda saqlab qolishimiz va hadis deb, har turli narsalarni gapiravermasligimiz kerak. Faqat aniq ishonch hosil qilgandan so‘ng, rivoyatning hadis ekanligini bilgandan so‘ng, iloji bo‘lsa, hech bo‘lmaganda roviylardan oxirgi halqa sahobiyni bilib, o‘sha sahobiydan rivoyat qilgan hadis imomlarini aniqlagandan keyingina aytish, yozish yoki o‘qish kerak bo‘ladi.

Bu juda ham nozik narsa bo‘lib, mo‘min-musulmonlar qadimdan bunga katta e’tibor berishgan, ulamolarimiz jon fido qilib hadislarning daxlsiz, buzilmay saqlanib qolishi uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishlarni qilganlar. Ular yolg‘onchiligi isbotlangan ba’zi kimsalarni fosh qilib, ularning ro‘yxatini tuzib, hammaga e’lon qilib, sharmandalarini chiqarib kelishgan. Hadislarga nisbatan bunday e’tibor bizda ham yo‘lga qo‘yilishi lozim.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!