PAXTA TERGAN SOLIQ TO‘LAMAYDI

PAXTA TERGAN SOLIQ TO‘LAMAYDI

Shu yilning 17 sentyabrida Samarqand viloyati hokimligida 2018 yil paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay terib olish chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida qayd etilishicha, terimchilar va otryad rahbarlariga mehnat haqi to‘lashda imtiyozlar beriladi.

Jumladan:

- Soliq kodeksining 179-moddasi 33-bandiga muvofiq, paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadigan jismoniy shaxslar, jumladan otryad rahbarlarining bu ishlarni bajarganlik uchun olgan daromadlariga soliq solinmaydi;

- Soliq kodeksining 308-moddasiga muvofiq, paxta yig‘im-terim bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar, jumladan otryad rahbarlari tomonidan bu ishlarni bajarganlik uchun olinadigan yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badallari hisoblanmaydi;

- jamoat ishlariga jalb etilayotgan jismoniy shaxslar respublika Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘laridan oladigan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lovidan ozod qilindi;

- jamoat ishlariga jalb etiladigan hamda respublika Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan jismoniy shaxslar mehnatiga to‘langan haq sifatida olingan daromadlar yagona ijtimoiy to‘lovga tortilmaydi;

- 2018 yil hosilidan boshlab paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar tomonidan ushbu ishlarni bajarganlik uchun olinadigan daromadlariga fuqarolarning byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari hisoblanmaydi.

Eslatib o‘tamiz: bu yil paxta xomashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 400 ming so‘m, qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda kontraktasiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so‘m, ikkinchi bosqichda - 60 foizdan 80 foizgacha - 850 so‘m, uchinchi bosqichda - 80 foizdan ortganda - 1000 so‘m haqi to‘lanadi.

Tijorat banklari xodimlari terilgan paxta uchun har besh kunda (dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishidan qat’iy nazar), zarur bo‘lganda kunlik tarzda terim pullarini dala boshida tarqatadi.

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, hududlarga biriktirilgan tijorat banklari rahbarlari terim pullarining o‘z vaqtida tarqatilishiga shaxsan javobgar sanaladi.

2018 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olishda 18 yoshga to‘lmagan yoshlarni, byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlarini terim tadbirlariga, shuningdek, har qanday shakldagi majburiy mehnatga jalb qilish qat’iyan man etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!