Navalniy qanday o‘lim topgani oshkor qilindi
Koloniyadagi siyosatchi Aleksey Navalniyning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarordan muxolifatchining zaharlanganidan dalolat berishi mumkin bo‘lgan alomatlar olib tashlandi, deb yozadi The Insider.
Dastlab, adliya mayori Aleksandr Varapayev imzolagan hujjatda qayd etilishicha, siyosatchi vafotidan oldin «erga yotib, qorin sohasida keskin og‘riq haqida shikoyat qila boshlagan»: «Uning oshqozoni reflektiv tarzda bo‘shashib, talvasa tutib, hushidan ketgan. Bu haqda jazoni ijro etish muassasasi tibbiyot xodimlariga zudlik bilan xabar berilgan».
Ammo qarorning yakuniy variantidan bu parcha yo‘q bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, Navalniy vafotidan so‘ng tuzilgan musodara qilingan narsalar ro‘yxatida «qusish massalarining yuvilgan va qattiq qismlari» ko‘rsatilgan - ular ilgari xabar qilinmagan ekspertizaga yuborilgan.
Bu ma’lumotlar Yuliya Navalnayaning gaplarini tasdiqlaydi, u erining «o‘limidan oldingi so‘nggi daqiqalarda qattiq qorin og‘rig‘idan shikoyat qilganini» aytgan edi. Muxolifatchi o‘zi koloniyada bo‘lganida himoyachilarga «meni zaharlab qo‘yishayotganga o‘xshaydi» deb aytgan edi.
Nashrning ta’kidlashicha, u siyosatchining koloniyadagi o‘limi bilan bog‘liq yuzlab rasmiy hujjatlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Ularni 2020 yil avgust oyida Omskda «Novichok»dan zaharlanishdan keyin Navalniyni davolagan reanimatolog Aleksandr Polupan tahlil qildi. Uning ta’kidlashicha, simptomlarni «zaharlanishdan boshqa narsa bilan izohlash qiyin».
Navalniy o‘limining rasmiy sababi «kombinasiyalangan kasallik» natijasida rivojlangan aritmiya va yurakning to‘xtab qolishiga olib kelgan - uning qo‘zg‘atuvchisi arterial bosimning keskin ko‘tarilishi bo‘lgan. Shu bilan birga, Tergov qo‘mitasi siyosatchining o‘limi «jinoiy xarakterga ega emasligini» ta’kidlagan.