Saratonni davolashning yangi yo‘li topildi
Shvesiyalik olimlar saraton hujayralarini qayta dasturlash usulini ishlab chiqdi. Shu asnoda xavfli hujayralarni onkologik o‘smalar atrofidagi himoya to‘sig‘ini buzishga qodir bo‘lgan cDC1 turiga mansub maxsus immun hujayralariga aylantirish usuli kashf qilindi.
Tadqiqotchilar organizmdagi kasallik o‘chog‘iga PU.1, IRF8 va BATF3 deb nomlangan uchta oqsilni yetkazishda adenoviruslardan foydalandi.
Shu asnoda qayta dasturlashtirilgan hujayralar zararli xususiyatlarini yo‘qotish barobarida, immunitet tizimidagi T-limfositlarni faollashtirish orqali o‘simta bilan jadal kurasha boshladi.
Ma’lumki, saratonning ko‘plab turlari immun tizimi ishlashiga xalaqit beruvchi himoya mexanizmlarini hosil qilish xususiyatiga ega. Shved olimlari taklif etayotgan usul ana shu to‘siqlarni ichkaridan bartaraf etib, o‘simta hujayralarini o‘z-o‘zini yo‘q qilish quroliga aylantiradi.
Mazkur davolash texnologiyasi mavjud immunoterapiya muolajalari bilan birgalikda yuqori samara berishi aytilmoqda.
Qayta dasturlashtirilgan hujayralar sichqonlar organizmiga kiritilgach, kemiruvchilarda o‘simta rivojlanishi jarayoni sezilarli darajada sekinlashgani kuzatildi.
Yangi usul immunoterapiya bilan birga qo‘llanilgach, o‘simta o‘sishini butunlay to‘xtatishga erishildi. O‘z navbatida, tajriba hayvonlarida neoplazmalarning qaytalanishiga qarshi uzoq muddatli immunitet hosil bo‘ldi.
Inson hujayralarida o‘tkazilgan tajribalar ham yangi davolash texnologiyasining samaradorligini tasdiqladi. Endi bu xulosa klinik sinovlarda ham o‘z tasdig‘ini topishi kerak. Mazkur tadqiqot natijalari AQShning “Science” ilmiy jurnalida chop etildi.